Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

Inson qadri ustun: deputat va saylovchi samarali muloqotining amaliy ifodasi


Inson qadri ustun: deputat va saylovchi samarali
muloqotining amaliy ifodasi

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyili bugungi kunda barcha davlat organlari va amaldorlar faoliyatining asosiy mazmuniga aylandi. Ushbu tamoyilning asl mohiyati – har bir fuqaroning haq-huquqini himoya qilish, uning qonuniy manfaatlarini ta’minlash va hayotini farovon qilishdir. Quyida keltirilgan misol bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Nodira Rashidovaning o‘z saylovchisiga amaliy yordam berishda ko‘rsatgan tashabbuskorligini yaqqol namoyon etadi.
Voqeyaga to‘xtaladigan bo‘lsak, fuqaro B.Saipov merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomani olishda amaliy yordam so‘rab deputatga murojaat qilgan. Bunday murojaatlarning hal etilishi fuqaroning ijtimoiy va mulkiy huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega. Qonunchilikka ko‘ra, bunday murojaatlar tegishliligi bo‘yicha yuborilishi belgilangan.
Deputat N.Rashidova ushbu murojaatni fuqaro manfaatlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 25-moddasiga asosan Adliya vazirligiga yo‘lladi. Murojaatda fuqaroning vajlarini belgilangan tartibda ko‘rib chiqib, natijasi haqida Qonunchilik palatasiga va murojaat muallifiga ma’lum qilish so‘raldi.
Ta’kidlash joizki, fuqaro B.Saipovning murojaati yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi deputat so‘roviga asosan tezkor choralar ko‘rdi. Fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Kegeyli tumani adliya bo‘limi hamda xususiy notarius B.Atamuratovlarga so‘rov yuborildi. Natijada notarius tomonidan fuqaro B.Saipovning murojaati to‘liq ko‘rib chiqilib, uning talablari qanoatlantirildi va unga meros ishi doirasida qonun bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berildi.
Ushbu holat deputatning o‘z saylovchilari bilan doimiy muloqotda ekanligi, ularning muammolarini hal etishga “Inson qadri uchun” tamoyili asosida, katta mas’uliyat bilan yondashishini tasdiqlaydi. Birgina murojaat bo‘yicha qilingan tashabbus fuqaroning uzoq cho‘zilgan muammosiga yechim bo‘ldi va uning qonuniy huquqlari tiklandi. Bu esa deputatning fuqaro manfaatlari yo‘lida jonkuyarlik bilan faoliyat yuritayotganini, Oliy Majlisga kelib tushgan har bir murojaat e’tiborsiz qolmasligini ko‘rsatadi.

Mazkur misol Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Nodira Rashidovaning samarali faoliyatiga yorqin dalil bo‘libgina qolmay, “Inson qadri uchun” g‘oyasining amaldagi ijrosidir. Bunday ibratli yondashuv boshqa deputatlar uchun ham namuna bo‘lishi lozim. Zero, bu kabi faoliyat parlament va aholi o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi, fuqarolarni davlatga va qonunlarga bo‘lgan ishonchini oshiradi.


Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Notariat, advokatura va mediatsiya sho‘basi boshlig‘I    P.Kojametov