Янгиликлар
13
Iqtisodiy sud qarori – tadbirkor manfaatlari himoyasida
Iqtisodiy sud qarori – tadbirkor manfaatlari himoyasida
Qoraqalpog‘iston Respublikasi avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi Chimboy tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan “Rozumboy Chopchi” MCHJning foydasiga bajarilgan ishlar uchun tegishli mablag‘larni to‘lamasdan kelayotganidan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan o‘rganib chiqildi.
Mazkur murojaat yuzasidan o‘rganishlar davomida, taraflar o‘rtasida 2023-yil
8-avgust kuni 2-sonli hamda 2024-yil 11-may kuni 1-sonli toshlar (bruschatka)ni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Shartnoma talablariga ko‘ra yetkazib beruvchi mahsulotlarni yetkazib berish, buyurtmachi esa mahsulotlar uchun oldindan 100 foizlik to‘lovni amalga oshirish majburiyatini shartnomada shartlashib olishgan bo‘lishsa ham, shartnoma shartlarini bajarishda taraflar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga chiqgan.
Xususan, shartnomaga muvofiq 2024-yilning 27-iyul holatiga ko‘ra 103 307 000 so‘mlik qarzdorlikdan talabnoma orqali 19 976 300 so‘m miqdordagi pullar tadbirkorga to‘lab berilgan bo‘lsada, 83 330 700 so‘m miqdordagi pullar to‘lanmasdan qolgan.
Ushbu holatga ko‘ra, yuqorida ko‘rsatilgan mablag‘larni tadbirkor foydasiga undirish yuzasidan Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritilgan.
2025-yil 16-aprel kungi Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroriga ko‘ra tomonlarning ko‘rsatmalari, taqdim qilingan hujjatlar, boshqa shu jarayonda aniqlangan holatlarni tahlil qilib, qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda tadbirkor huquqlari tiklanishiga erishildi.
Xususan, sudning hal qiluv qarori bilan “Rozumboy Chopchi” MCHJning foydasiga bajarilgan ishlar uchun 83 330 700 so‘m miqdoridagi mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi Chimboy tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan qoplab berilishi nazarda tutildi. Bu bilan tadbirkorning adolat istab yo‘llagan murojaati tom ma’noda qanoatlantirilib, tadbirkorda yurtimizda tadbirkor huquqlari ishonchli himoyada ekanligiga ishonch uyg‘ondi.
Mazkur voqea tadbirkorlik faoliyatida qonuniylik va shartnomaviy intizomning dolzarbligini yana bir bor ko‘rsatadi. Tadbirkorning haqli mehnati va uning natijasida yaratilgan ishlar o‘z vaqtida qadr topmas ekan, bu holat ishlab chiqarish zanjirining uzilishiga, ish o‘rinlarining qisqarishiga va iqtisodiy muvozanatning buzilishiga olib kelishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya
vazirligi Huquqni qoʻllash amaliyotini
oʻrganish va metodik ta’minlash sho’basi
katta maslahatchisi M.Xaytbayev