Янгиликлар
22
INTELLEKTUAL MULK SOHASIGA OID QONUNCHILIKDAGI YANGILIKLAR!!!
Joriy yilning 10-iyul kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-221-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Intellektual mulk sohasidagi ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 427-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan quyidagi ma’muriy reglamentlar, ya’ni:
- Intellektual mulk obyektlariga oid shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;
- Integral mikrosxemalar topologiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;
- Tovar kelib chiqqan joy nomi va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentlarga asosan Davlat xizmatlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ko‘rsatiladi.
1) Intellektual mulk obyektlariga oid shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti - intellektual mulk obyektlariga oid shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnoma, litsenziya va sublitsenziya shartnomasi intellektual mulk obyektlariga oid shartnomalar hisoblanadi.
Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnoma — ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutug‘i, tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisi, integral mikrosxemalar topologiyalari, elektron hisoblash mashinalari (EHM) uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasiga bo‘lgan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnoma;
Shartnoma taraflari:
litsenziar — ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, tovar belgisi, seleksiya yutug‘i, EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasiga bo‘lgan huquq egasi;
litsenziat — ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, tovar belgisi, seleksiya yutug‘i, EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasidan foydalanuvchi shaxs;
litsenziya shartnomasi — ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutug‘i, tovar belgisi, EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasidan foydalanishga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga berish to‘g‘risidagi shartnoma;
sublitsenziya shartnomasi — litsenziat tomonidan ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, tovar belgisi, seleksiya yutug‘i, EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasidan foydalanishga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga berish to‘g‘risidagi shartnoma.
Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnoma, litsenziya yoki sublitsenziya shartnomasini yoxud litsenziya shartnomasiga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha arizalar shartnoma tomonlari yoki ularning biri hisoblangan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bevosita yoki vakili (patent vakili yoki ishonchli shaxs) orqali beriladi.
Ariza rezidentlar tomonidan vakolatli organning maxsus axborot tizimi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali, shuningdek, norezidentlar tomonidan axborot tizimi orqali vakolatli organga yuboriladi.
Ariza berilgandan keyingi bosqichlardagi barcha harakatlar axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Ariza vakil (patent vakili yoki ishonchli shaxs) tomonidan berilganda, unga vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi. Bunda ishonchnoma oddiy yozma shaklda rasmiylashtiriladi va ariza bilan bir vaqtda taqdim etiladi.
Davlat xizmatini ko‘rsatishda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan miqdorda patent boji to‘lanadi. To‘langan patent boji qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
2) Integral mikrosxemalar topologiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti - O‘zbekiston Respublikasining “Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunga asosan integral mikrosxemalar topologiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
integral mikrosxema — elektron vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan tugal yoki oraliq shakldagi mikroelektron buyum bo‘lib, undagi elementlarning hech bo‘lmaganda biri faol hisoblanadi, buyumdagi bog‘lanishlarning ayrimlari yoki barchasi bu buyum tayyorlangan jismlar tarkibida va (yoki) sirtida uzviy shakl topgan bo‘ladi;
integral mikrosxema topologiyasi — integral mikrosxema elementlarining va ular o‘rtasidagi bog‘lanishlar majmuining moddiy jismda qayd etilgan fazoviy-geometrik joylashuvi;
huquq egasi — integral mikrosxema topologiyasining muallifi, uning merosxo‘ri, shuningdek integral mikrosxema topologiyasidan foydalanish mulkiy huquqlarini qonunga yoki shartnomaga asosan olgan va ularga ega bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs.
3) Tovar kelib chiqqan joy nomi va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti - tovar kelib chiqqan joy nomi va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Mamlakat, aholi punkti, joy yoki boshqa geografik obyektning tovarni belgilash uchun ishlatiladigan, uning alohida xususiyatlari tamomila yoki asosan mazkur geografik obyektga xos tabiiy sharoitlar bilan yoki boshqa omillar yoxud tabiiy sharoitlar va ushbu omillarning birikmasi bilan belgilanadigan nomi tovar kelib chiqqan joy nomi hisoblanadi.
Vazirlikning Intellektual mulk huquqlarini
himoya qilish bo‘yicha
bosh maslahatchi R.M.Dushanov