Янгиликлар
30
ID-karta yo‘qolib qolsa qancha miqdorda jarima to‘lanadi?
ID-karta yo‘qolib qolsa qancha miqdorda jarima to‘lanadi?
O‘zbekiston Respublikasida shaxsni tasdiqlovchi asosiy hujjatlardan biri bo‘lgan identifikatsiya ID-kartasi (biometrik pasport) har bir fuqaro uchun muhimdir. Ushbu hujjatni ehtiyot qilib saqlash har bir fuqaroning majburiyati hisoblanadi. ID-kartani yo‘qotib qo‘yish esa ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 223-moddasida ("Pasport tizimi qoidalarini buzish") O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportsiz yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiz yoxud haqiqiy bo‘lmagan pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta bilan, doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasini, xorijga chiqish uchun biometrik pasportini qasddan yaroqsizlantirishi yoki uni ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yishi, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjatini qasddan yaroqsizlantirishi yoki uni ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yishi, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning haqiqiy bo‘lmagan identifikatsiyalovchi ID-kartasi (O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi) bilan, doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashi, identifikatsiyalovchi ID-kartasini (O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini) qasddan yaroqsizlantirishi yoki uni ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yishi uchun javobgarlik belgilangan.
Mazkur moddaga asosan, ID-karta yo‘qolib qolsa, bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 0,5 baravaridan 3 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
2025-yil iyun holatiga ko‘ra, Bazaviy hisoblash miqdori (BHM) 375 000 so‘mni tashkil etadi. Shunga ko‘ra, ID-kartani yo‘qotib qo‘yganlik uchun to‘lanadigan jarima miqdori:
• Minimal jarima: 375 000 so‘m * 0,5 = 187 500 so‘m
• Maksimal jarima: 375 000 so‘m * 3 = 1 125 000 so‘m
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 2-iyundagi PF-91-sonli Farmoniga koʻra, 2025-yil 1-avgustdan boshlab BHM 412 000 soʻm etib belgilanishi koʻzda tutilgan. Shunga ko‘ra, 2025-yilning 1-avgustidan boshlab ID-kartani yo‘qotib qo‘yganlik uchun to‘lanadigan jarima miqdori:
• Minimal jarima: 412 000 so‘m * 0,5 = 206 000 so‘m
• Maksimal jarima: 412 000 so‘m * 3 = 1 236 000 so‘m
Jarima miqdori huquqbuzarlikning holatlari, ID-karta qanday yo‘qolganligi (ehtiyotsizlik natijasidami yoki qasddanmi) va bu birinchi holatmi yoki takroriy holatmi kabi omillarga bog‘liq ravishda belgilanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi
Inson resurslari sho‘basi boshlig‘i E.Gayipov