Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

24

Xotin-qizlar – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining faol ishtirokchilari


Bugungi kunda O‘zbekistonda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor jamiyat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli ayollar nafaqat oilada, balki jamiyat va davlat boshqaruvida ham muhim o‘rin tuta boshladi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida ayollarning o‘rni va nufuzi ortganini ko‘rsatadi.
Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda ayollarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, ular uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ushbu yo‘nalishlardagi ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Xotin-qizlarning huquqlari — qonun bilan kafolatlangan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xotin-qizlarning teng huquqliligi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Qonun bilan xotin-qizlar mehnat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, siyosiy faoliyatda to‘sqinliklarsiz ishtirok etish huquqiga ega, ayollarni turli shakldagi zo‘ravonlikdan muhofaza qilish, ularga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish mexanizmlarini belgilab berdi. erkaklar va ayollar uchun barcha sohalarda teng huquq va imkoniyatlar yaratishni davlat siyosatining muhim qismi sifatida belgilandi.
Bugungi kunda ayollar nafaqat ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarida, balki siyosat, biznes va davlat boshqaruvida ham o‘z faolligini namoyon etmoqda. Eng muhimi, ularning huquq va manfaatlari qonunan himoyalangan, munosib mehnat sharoitlari yaratilmoqda, ishbilarmon ayollar soni ortib bormoqda.
Ayni paytda, ta’lim sohasida ham xotin-qizlarning salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oliy ta’lim muassasalariga qabuldagi tenglik, ilm-fan sohasidagi imkoniyatlar, yosh qizlarni ilmiy tadqiqotlarga jalb etish kabi tashabbuslar samarasida ilmli, bilimli, tashabbuskor ayollar safida jiddiy o‘sish kuzatilmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bu islohotlar natijasida xotin-qizlar o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa nafaqat ularning shaxsiy hayotiga, balki jamiyat va mamlakat taraqqiyotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlar faqatgina ijtimoiy hayotning bir qismi emas, balki davlat va jamiyat rivojining asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Davlatimiz tomonidan ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosat izchil davom etayotgani esa ayollar baxti va farovonligi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.


Nukus shahar adliya bo‘limi
FHDYO bo‘limi inspektori  A.Nizanova