Янгиликлар
24
Xodimning mehnat huquqlari tiklandi
Ellikqal’a tumani adliya bo‘limiga fuqaro L.R. murojaat qilib, o‘z murojaatida Ellikqal’a Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida yoshlar yetakchisi lavozimida ishlaganligi, shtatlar qisqarishi munosabati bilan u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi, biroq unga texnikumdagi bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilinmaganligi, shu sababli ishga tiklashda amaliy yordam berilishini so‘radi. Fuqaro L.R.ning murojaati tuman adliya bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqilib, quyidagilar aniqlandi. Fuqaro L.R. Ellikqal’a Abu Ali ibn Sino nomidaga jamoat salomatligi texnikumida yoshlar yetakchisi lavozimida ishlab kelgan.
U bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2024-yil 5-sentabr kungi 128-K-sonli buyruq bilan Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi, ikkinchi bandiga asosan, 2024-yil 5-sentabrdan bekor qilingan. Bunga “O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 30-maydagi 7-q/q-son, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2024-yil 20-maydagi 7-2024/QQ-son hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2024-yil 20-maydagi 124-son qarori”ning ilovasi bilan tasdiqlangan “Akademik litsey, kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarining namunaviy shtatlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar” asos qilib olingan.
Biroq L.R. bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda bir qator qo’pol qonunbuzilish holatlariga yo’l qo’yilgan. Jumladan, mehnat shartnomasi bekor qilinishi munosabati bilan L.R.ga texnikumdagi mavjud bo’sh ish o’rinlari bor bulishiga qaramasdan malaka talabiga mos keladigan ish taklif qilinmagan.
Vaholanki, Mehnat kodeksining 144-moddasida “Agar mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasiga doir ishni xolisona sabablarga ko‘ra davom ettirish imkoni bo‘lmasa, ish beruvchi xodimga uning mutaxassisligi va malakasiga muvofiq keladigan boshqa ishga o‘tkazishni, bunday ish bo‘lmagan taqdirda esa ish beruvchida mavjud bo‘lgan boshqa ishni taklif etishi shart.
Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 143-moddasining ikkinchi qismida, 161-moddasi ikkinchi qismining 2 va 3-bandlarida, 168-moddasi birinchi qismining 2, 4, 5 va 9-bandlarida, 489-moddasi birinchi qismining 1-bandida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra bekor qilingan taqdirda, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyat ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.” deb belgilangan. Bundan tashqari, L.R. bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to’g’risidagi masalani ko’rib chiqish bo’yicha kasaba uyushmasining 2024-yil 4-sentabr kungi majlisida L.R.ning ishtiroki ta’minlanmagan. Ma’muriyat kasaba uyushmasi ishni bir tomonlama qaragan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Kasaba Uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya qo’mitasining 2021-yil 19-mart kungi 2-37“s”-son qarorining 3-ilovasi bilan tasdiqlangan “Kasaba uyushma ko‘mitasi, organida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabussiga ko‘ra, bekor qilish to‘g‘risidagi taqdimnomasini ko‘rib chiqish tartibi”ning 11-bandida “Masalasi ko‘rilayotgan xodim tegishli kasaba uyushmasi organi majlisda ishtirok etish huquqiga ega. Kasaba uyushmasi organi xodimning majlisda ishtirok etishi uchun majlis o‘tkaziladigan sana va joyi haqida oldindan yozma shaklda yoki pochta orqali xabardor qilishi shart” deb belgilangan.
Demak, L.R. bilan mehnat shartnomasi noqonuniy ravishda bekor qiligan va uning huquqlari qo’pol ravishda buzilgan.
Mehnat kodeksining 174-moddasining ikkinchi qismida “O‘zi bilan mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilingan xodimning unga avvalgi ishini taqdim etish hamda o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni (agar mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilinganligi natijasida xodimga ma’naviy yoki jismoniy azoblar yetkazilgan bo‘lsa) kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi talablari qanoatlantirilishi lozim”, uchinchi qismida “Xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligini qonunga xilof deb e’tirof etgan ish beruvchi xodimni avvalgi ishiga (lavozimiga) tiklashi hamda xodimning o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi talablarini qanoatlantirishi shart”, beshinchi qismida “Mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilinganligi oqibatida xodimga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash:
majburiy progul vaqti uchun haqni majburiy ravishda to‘lashdan;
mehnat shartnomasi bekor qilinganligi ustidan shikoyat qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarni (mutaxassislarning maslahatlari, ish yuritishga doir xarajatlar va boshqalar) kompensatsiya qilishdan iborat.”, sakkizinchi qismida “Nizolarni ko‘rib chiqish chog‘ida mehnat shartnomasi bekor qilinishining qonuniyligini isbotlash vazifasi ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.” deb belgilangan.
Yuqoridagilarni e’tiborga olib, Beruniy tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudining hal qiluv qaroriga asosan, tuman adliya bo‘limining tashabbusi bilan xodimning buzilgan huquqlari tiklandi.
Ellikqal’a tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
boshlig‘i A.Kadirov