Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

24

Va nihoyat xodim imtiyozli ravishda pensiyaga chiqadigan bo‘ldi


Beruniy tuman adliya bo‘limiga fuqaro B.U. murojaat qilib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli Qo‘ng‘irot yo‘l masofasi korxonasida 24 yildan buyon ishlab kelganligi, imtiyozli pensiyaga chiqishni so‘rab, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Beruniy tuman bo‘limiga murojaat qilganligi, lekin imtiyozli pensiya tayinlash rad etilganidan norozi bo‘lib, mazkur masalada amaliy yordam berishni so‘ragan.
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasi 1-qismi “b” kichik bandida oxirgi ish joyidan qat’iy nazar, quyidagilar ushbu Qonunning 7-moddasida belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar: mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda to‘liq ish kuni davomida band bo‘lgan xodimlar (3-sonli ro‘yxat, I qism):
erkaklar — ish staji kamida 25 yil bo‘lib, bundan kamida 12 yilu 6 oyi ko‘rsatib o‘tilgan ishlarga to‘g‘ri kelgan taqdirda, deb belgilangan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida aniqlanishicha, Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Beruniy tuman bo‘limi tomonidan fuqaro B.U.ning zararli mehnat sharoitida ishlaganligi bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi, ish o‘rnining mehnat sharoti bo‘yicha attestatsiya hujjatlarida “Загружженность 50 % времени смени” bo‘lganligi sababli imtiyozli ravishda pensiya tayinlash rad etilgan.
Biroq, fuqaro B.U. O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli Qo‘ng‘irot yo‘l masofasi korxonasining 2001-yil 5-fevralda buyrug‘iga asosan yo‘l ustasi lavozimiga ishga qabul qilingan va bugungi kunga qadar yo‘l ustasi, brigadiri lavozimlarida to‘liq 8 soatlik ish vaqtida ishlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 12.03.2012-yilda 2337-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlar ro‘yxatlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning 7-bandida to‘liq ish kuni davomida bandlik deganda Ro‘yxatlarda ko‘zda tutilgan ishlarni tegishli ishlab chiqarish tarmoqlarida, ish vaqti attestatsiyasiga mos keluvchi shartlarda, qonunchilik bilan belgilangan ish vaqtining kamida 80% bilan band bo‘lish tushuniladi.
Bunda, o‘z mehnat vazifalarining bajarilishini ta’minlash maqsadida tayyorlash, yordamchi, joriy ta’mirlash ishlarini bajarish, shuningdek o‘z ish joyidan tashqarida bo‘lgan ishlarni bajarish, ishchini imtiyozli pensiya ta’minoti huquqidan mahrum qilmaydi, deyilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasida ish o‘rinlarining mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyasi belgilangan tartibda ish beruvchining o‘zi tomonidan o‘tkaziladi. Ish o‘rinlarining mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyasini o‘tkazish davriyligi qonunchilikda belgilanadi, biroq besh yilda kamida bir marta o‘tkaziladi, deyilgan.
Aniqlanishicha, fuqaro B.U. ning ish o‘rni 2016 va 2018-yillarda attestatsiyadan o‘tkazilgan va va attestatsiya xulosasida 80 fozi ya’ni to‘liq ish kuni ekanligi ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 295-moddasi, 1-qismiga ko‘ra sud fuqarolarning yoki tashkilotlarning shaxsiy, mulkiy huquqlari yuzaga kelishiga, o‘zgarishiga yoki tugashiga sabab bo‘ladigan faktlarni aniqlaydi, 3-qismiga ko‘ra, agar qonunchilikda ularni belgilashning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan bo‘lsa, sud yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa faktlarni ham belgilashi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi “Davlat pensiya ta’minoti bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 44-son qarorining 20-bandi 3-qismida sudlar zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik faktini belgilash haqidagi ishlarni ko‘rish vaqtida, ish o‘rinlarining mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazilmaganligi xodimning aybi emasligini inobatga olgan holda, buzilgan huquqni tiklash uchun barcha lozim bo‘lgan choralarni ko‘rib, shu jumladan, boshqa davrlar uchun mehnat sharoitlari bo‘yicha ish o‘rinlarining attestatsiyasi o‘tkazilganligini tekshirish va uning natijasidan kelib chiqishi lozim, deb belgilangan.
Yuqoridagi qonunchilik talablariga asosan tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqaro B.U. ning manfaatida Beruniy tumanlararo sudiga ariza kiritilishi natijasida xodimning zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik faktini belgilash to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilindi.

Beruniy tumani adliya bo‘limi
bosh maslahatchisi, 2-darajali yurist, Sh.Ismailov