Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

24

BOLA HUQUQLARINING KAFOLATLARI TO‘G‘RISIDA


Bola – jamiyatimiz kelajagi, davlatimizning porloq ertangi kuni. Ularning sog‘lom ulg‘ayishi, ta’lim-tarbiyasi, xavfsiz muhitda yashashi – har bir jamiyatning ustuvor vazifasidir. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasida bolalarning huquqlarini ishonchli himoya qilish, ular uchun teng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Aynan shu maqsadda, 2008-yil 7-yanvda muhim huquqiy hujjat – “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni (O‘RQ–139-son) qabul qilindi. Ushbu qonun bolalar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatini belgilovchi asosiy hujjatdir.
Qonunning bosh maqsadi – har bir bolaning qonuniy huquq va erkinliklarini kafolatlash, uning sog‘lig‘i, rivojlanishi, ta’lim olishi, xavfsiz hayot kechirishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun huquqiy zamin yaratishdan iboratdir.
2023-yil 15-martda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun bilan quyidagi yangiliklar kiritildi:
• Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi ta’sis etildi. Ushbu vakil bolalarning manfaatlarini himoya qilish, davlat organlariga bevosita murojaat qilish va ularning fikrini inobatga olishni ta’minlashga mas’ul hisoblanadi.
• 18 yoshga to‘lmagan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqarib yuborilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
• Davlat organlari va mansabdor shaxslar bolalar bilan bog‘liq qarorlar qabul qilishda bolaning fikrini inobatga olishlari shart deb belgilandi.
• Mehribonlik uylarida yashovchi bolalarning yashash joylarini ular “Mehribonlik uylari”ga joylashtirilgan butun vaqt mobaynida bronlashtirish huquqi taqdim etildi.
• Soliq kodeksiga bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga fuqarolik ishlari bo‘yicha kiritilgan da’volarni davlat boji to‘lashdan ozod qilish tartibi kiritildi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar:
• O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi doirasidagi majburiyatlarni bosqichma-bosqich bajarib kelmoqda;
• Bolalarning huquqiy bilimini oshirish bo‘yicha “Huquq saboqlari” darslari joriy etildi;
• Bola mehnatiga qarshi kurashish, ularning sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida qator islohotlar amalga oshirildi;
• Nogiron bolalar uchun inklyuziv ta’lim tizimi kengaytirildi.
“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun – bu O‘zbekistonda har bir bolani e’tiborsiz qoldirmaslik, uning har tomonlama kamol topishini ta’minlashga qaratilgan mustahkam huquqiy poydevordir. Har bir ota-ona, o‘qituvchi va mutasaddi tashkilot vakillari ushbu qonunni chuqur o‘rganib, amalda qo‘llashi – kelajagimiz bo‘lgan farzandlar manfaatiga xizmat qiladi.

Ellikqal'a tuman adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi B.Jaksilikov