Янгиликлар
23
Konstitutsiya va qonun ustuvorligi
Konstitutsiya va qonun ustuvorligi
Har qanday rivojlangan davlatning huquqiy poydevori - bu Konstitutsiya va qonun ustuvorligidir. O‘zbekiston Respublikasida ham konstitutsiya va qonun ustuvorligi davlatning asosiy prinsipi hisoblanadi. Bu yo‘lda asosiy hujjat sifatida Konstitutsiya va uni amalda ta’minlaydigan qonun ustuvorligi muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan. yangi tahriri 2023 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kirdi. U davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tartibga soluvchi asosiy hujjatdir. Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega alohida tartibda qabul qilinadigan davlatning asosiy qonunidir. U xalq tomonidan (referendum orqali) yoki oliy vakillik organi - Oliy Majlis (parlament) tomonidan qabul qilinadi.
Konstitutsiya O‘zbekiston hududida birdek kuchga ega. O‘zbekistonda qabul qilingan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar Konstitutsiya asosida va uni ijro qilish uchun qabul qilinadi. Konstitutsiyada fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklari, davlat hokimiyatining tashkil etilishi, uning bo‘linishi, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari o‘rtasidagi vakolatlar belgilab berilgan.
Konstitutsiya shuningdek, O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligini e’lon qiladi. Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai deb tan olingan, bu esa demokratiya tamoyilining ifodasidir.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashning zarur normativ-huquqiy va tashkiliy institutsional asoslari shakllantirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining III bobi «Konstitutsiya va qonunning ustunligi» deb nomlanib, mazkur bob Konstitutsiyamizning Asosiy prinsiplar bo‘limida joylashgan. Konstitutsiyaning mazkur bobidagi hamda boshqa normalarida mustahkamlangan qoidalarni tahlil qilish quyidagi fikrlarni keltirib chiqaradi: birinchidan, O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Ikkinchidan, davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar. Uchinchidan, birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.
Adliya vazirligi to‘g‘risidagi nizomning 7-bandida qonun ustuvorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan jamiyat va davlat qurilishi sohasida norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosatini izchil amalga oshirish vazirlikning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab berilgan.
Qonun ustuvorligini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalar 2017-yil 7-fevraldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-4947-sonli farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida muhim masalalardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Qonun ustuvor bo‘lgan davlatda erkinlik, adolat, tenglik kafolatlanadi, hokimiyatning shaxsga ta’siri chegaralanadi, inson huquqlari himoyalanadi, mulk huquqiga rioya qilinadi, odil sudlov mustaqil bo‘lib, samarali amalga oshiriladi.
Agar jamiyatda qonun ustuvorligi ta’minlanmasa odamlarda nafaqat bugungi, balki ertangi kuniga ham ishonch yo‘qoladi, adolat, tenglik, erkinlikka rioya qilinmaydi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda Konstitutsiya va qonun ustunligi adolatli jamiyat qurishning asosidir. Huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar, qonunlarning hayotga izchil joriy etilishi, sud tizimi mustaqilligining ta’minlanishi — bularning barchasi barqarorlik, adolat va taraqqiyotga xizmat qiladi. Konstitutsiya va qonun ustuvorligi — barqaror taraqqiyot mezonidir.
To‘rtko‘l tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi D.Bekmanov