Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

Inson huquqlari oliy qadriyat


Mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning asosiy sharti sifatida xalqimizning huquqiy bilimi va madaniyatini yuksaltirish, huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini tubdan yaxshilash, qabul qilingan qonun va qarorlarning mazmun-mohiyatini aholiga chuqur anglatishga katta e’tibor qaratilib kelinmoqda.
Bugungi kunda fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonida huquqiy madaniyatni yuksaltirishga erishish, tom ma’noda huquqiy ongni yuksaltirish davr talabiga aylandi. Fuqarolarda yuksak huquqiy tafakkur shakllanmas ekan, turli xil nomutanosibliklar kelib chiqaveradi. Huquqiy madaniyatni shakllantirish va shu orqali qonun ustuvorligiga erishish nafaqat jamiyatning, balki o‘sib kelayotgan yoshlar uchun ham qimmatlidir. Huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati qurishning zarur sharti qonunlarga so‘zsiz itoat etishdir.
Inson huquqlari va uni himoya qilish masalalarini hal qilishda davlatlar huquqiy me’yorlarga amal qilishi, ularda ishlab chiqilayotgan yuridik hujjatlarning samarali va adolatli bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, huquqiy targ‘ibot — jamiyat va davlatning huquqiy siyosatini, strategik maqsadini fuqarolarga, ommaga yetkazishga qaratiladigan ma’rifiy va targ‘ib usullaridir. Huquqiy madaniyatning shakllanishi huquqiy targ‘ibotning ta’sirchanligi va xalqqa tushunarli ekaniga ham bog‘liq. Demokratik davlat qurilishi jarayonida qonunchilikni mustahkamlash va ijtimoiy adolat qaror topishini ta’minlash muhim shartlardan sanaladi. Bu borada davlatimiz rahbarining “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini o‘rganish ishini yaxshilash to‘g‘risida”gi farmonini alohida ta’kidlash joiz. Mazkur farmonda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish va huquqiy tarbiyani yaxshilash yuzasidan olib borilayotgan ishlar davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. “Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi”ning 3-moddasida har bir insonnning yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekanligi ta’kidlangan. Shuningdek, deklaratsiyaning 4, 21-moddalarida ham ushbu qoidalar kengroq ifodalangan. Unda fuqarolik va siyosiy huquqlar, ya’ni qullik yoki qaramlikdan saqlanish huquqi, azob-uqubatga yoki jazoga duchor bo‘lmaslikning huquqiy normalari mustahkamlangan. O‘zboshimchalik bilan qamoqqa olish, ushlab turish va quvg‘in qilinishdan saqlanish, qo‘yilgan aybning asoslanganligini aniqlash uchun tenglik asosidagi adolatning barcha talablariga rioya qilish va uning tenglik, ya’ni sud tomonidan xolisona ko‘rib chiqilishi tartibga solingan.
Har qanday jamiyatning, huquqiy manfaatlaridan kelib chiqib, inson huquqlarini himoyalashga asoslangan asosiy qonuni, ya’ni Konstitutsiyasi bo‘lishi kerak. Konstitutsiya, avvalo, inson huquqlarini himoya qilishi hamda davlat mafaatlariga mos kelishi shart. O‘zbekistonning Bosh qomusi — Konstitutsiyamizda fuqarolar mafaatlari barcha narsadan ustun ekanligi ta’minlangan. Shuningdek, Konstitutsiya fuqarolar va davlat xavfsizligini ta’minlaydigan yagona mukammal huquqiy hujjat sanaladi. Yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha fuqarolarning manfaati aynan Konstitutsiya orqali himoya qilingan. Jumladan, Asosiy qomusimizning 25-moddasida belgilab qo‘yilganidek, “Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir”. Shu bilan birga Konstitutsiyamizning 32-moddasiga ko‘ra: “Qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga ega, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklovlar bundan mustasnodir», deb ta’kidlanadi. Bosh qomusimizning 48-moddasida esa, “Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega” deb ko‘rsatilgan. 50-moddasi ta’lim-tarbiyaga qaratilgan. Ya’ni ushbu moddada har kim bilim olish huquqiga ega, har bir fuqaroning bepul umumiy o‘rta va boshlang‘ich professional ta’lim olishi davlat tomonidan kafolatlanishi va maktab ishlari davlat nazoratida ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan.

Amudaryo tuman adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti    A.Tojiboyev