Янгиликлар
13
Korrupsiya va jinoyatchilik
Korrupsiya murakkab ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hodisa bo‘lib, u ma’lum darajada barcha mamlakatlarga ta’sir qiladi. Aynan korrupsiya demokratik institutlarni yo‘q qilishga sabab bo‘ladi, iqtisodiy rivojlanishni sekinlashtiradi va ko‘pincha davlat poydevoriga putur yetkazadi.
9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni sifatida
2004 yildan beri har yili nishonlab kelinmoqda. 2003 yilning shu kuni Meksikaning Merida shahrida yuqori darajadagi siyosiy konferensiyada BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2003 yil 1 noyabrda qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi konvensiya davlatlar tomonidan imzolash uchun ochiq deb e’lon qilindi. Ushbu kunni nishonlashdan maqsad korrupsiya muammosini tubdan tushunish va Konvensiyaning korrupsiya bilan kurashish va uning oldini olish borasidagi ahamiyatini anglab yetishdan iboratdir.
Korrupsiyaga qarshi kurash BMTning17 ta maqsad va 169 ta vazifadan iborat 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga kiritilgan. Korrupsiya va poraxo‘rlikning barcha ko‘rinishlarini sezilarli darajada kamaytirish masalasi “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” deb nomlangan 16-maqsadning asosiy vazifalaridan biridir.
O‘zbekiston o‘z mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib bormoqda va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha barcha davlatlar va tegishli xalqaro tashkilotlar bilan konstruktiv hamkorlik qilishga tayyor. So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Sohaga oid bir qator konseptual normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi va 2021 yil 6 iyuldagi farmonlari hamda 2021 yil 6 iyuldagi
Qarori, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi shular jumlasidandir.
Ilk bor Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilish uchun mas’ul bo‘lgan alohida organ — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Davlat hokimiyati organlari va yirik xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashning eng samarali vositalaridan biri davlat xizmatchisi va fuqaro o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatni istisno qiluvchi raqamlashtirishdir. Bu borada ham mamlakatimizda bir qator muhim ishlar amalga oshirildi.
Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi tubdan isloh qilinib, 150 dan ortiq turdagi davlat xizmati aholiga qulay va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali amalga oshirilmoqda. Yer uchastkalari va davlat aktivlarini, shuningdek, avtotransport vositalari uchun davlat raqam belgilarini onlayn auksionda sotish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Davlat xaridlari to‘g‘risida ma’lumotlar d.xarid.uz saytiga joylashtirib borilmoqda. Mazkur choralar korrupsiya holatlarining oldini oluvchi ochiqlik va shaffoflik hamda jamoatchilik nazorati prinsipini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga aniq ta’rif berilib, 15 turdagi jinoyat bu toifaga kiritildi. Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jazo choralari keskin kuchaytirildi.
Shuningdek, bunday jinoyatlarini sodir etgan shaxslar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinmasligi va jazo yengilrog‘i bilan almashtirilmasligi va boshqa qator dolzarb o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Mazkur kurashda har bir fuqaroning o‘ziga xos mas’uliyati mavjud. Binobarin, korrupsiyaga barham berish nafaqat davlatning, balki butun jamiyatning manfaati va vazifasidir.
Bu muammo har bir fuqaroni tashvishga solishi, ushbu illatga qarshi kurashda hech kim chetda turmasligi kerak. Jamiyat va davlat taraqqiyoti, tinchlik va xavfsizlik yo‘lida korrupsiyaga qarshi kurashda birlashish davr taqozosidir.
To‘rtko‘l tumani adliya bo‘limi
bosh maslahatchisi M.Sheripboev