Янгиликлар
13
Talabalarning xorijda ishlash va sayohat qilish xarajatlarini qoplash maqsadida foizsiz ssuda ajratish boshlandi!
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Work and travel” xalqaro dasturlarida ishtirok etuvchi talaba yoshlarning ishlash va sayohat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga borishi va kelishi bilan bog‘liq xarajatlar uchun ssuda ajratish tartibini joriy etish to‘g‘risida qarori (https://lex.uz/uz/docs/7509614) tasdiqlandi.
Qaror bilan "Wоrк and Travel" dasturida qatnashishni orzu qilgan talabalarning xorijda ishlash va sayohat qilish xarajatlarini qoplash maqsadida foizsiz ssuda ajratish xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) ishga tushirildi. Davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun portaldan ro‘yxatdan o‘tgan holda ariza berishi mumkin.
Ariza beruvchi quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:
-“Work and travel” dasturi mavjud bo‘lgan xorijiy davlatdagi ish beruvchi bilan ariza beruvchi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi (pdf formatda);
-ariza beruvchi tomonidan ssuda qaytarilmagan hollarda, ushbu mablag‘larni qaytarish majburiyatini o‘z zimmasiga oluvchi kafil jismoniy shaxsning YIDXP orqali olingan so‘nggi 12 oylik ish haqi to‘g‘risida ma’lumot va qarz shartnomasi bo‘yicha kafil bo‘lishga rozilik arizasi (pdf formatda) — agar mavjud bo‘lsa;
-viza (pdf formatda).
-Agar kafil bo‘luvchi shaxsning ma’lumotlari taqdim etilmagan bo‘lsa, ariza beruvchi ssudani qaytarmaslik xavfini sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta tashkiloti tomonidan beriladigan sug‘urta polisini taqdim etishi haqida YIDXP orqali ma’lumot kiritadi.
Arizalar vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning kelib tushish ketma-ketligi bo‘yicha uch ish kuni ichida ariza beruvchining ma’lumotlari va taqdim etgan hujjatlarini o‘rganadi va natijasi bo‘yicha YIDXPga ma’lumot kiritadi hamda ariza beruvchiga bu haqida SMS-xabarnoma yuboriladi.
Ushbu imkoniyatdan:
- Yoshi 16 dan 30 gacha bo‘lgan;
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi yoki O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan;
- Oliy ta’lim muassasasi talabasi (bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) yoshlar foydalanishi mumkin.
Ssuda har yili 2000 nafar talabaga BHMning 40 baravari miqdorida ajratiladi. Ssuda olgan talabalar uni xorijiy vizaning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng bir oy ichida Yoshlar ishlari agentligiga to‘liq qaytarishi shart.
Nukus shahar adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i B.Nurlibekov