Янгиликлар
13
Korrupsiya va jinoyatchilik – jamiyat taraqqiyotiga to‘siq
Insoniyat tarixida har qanday yuksalish va taraqqiyot yo‘lida to‘siq bo‘lgan illatlar bo‘lgan. Ulardan eng xavflilari – korrupsiya va jinoyatchilikdir. Bu illatlar jamiyat tanasiga singib kirsa, uni ich-ichidan yemiradi, adolat va tenglik tamoyillarini izdan chiqaradi. Shu bois, har bir ongli fuqaro bu hodisalarga qarshi kurashishda o‘z mas’uliyatini his qilishi lozim.
Korrupsiya – bu halollikdan yuz o‘girish, mansabni, vakolatni shaxsiy manfaat yo‘lida ishlatishdir. Ko‘pincha u pora olish, noqonuniy qarorlar chiqarish, tanish-bilishchilik asosida ish yuritish orqali namoyon bo‘ladi. Korrupsiya davlatning rivojlanishiga, ijtimoiy islohotlarga, hatto insonlarning orzulariga ham g‘ov bo‘ladi. Aynan korrupsiya tufayli ba’zida bilimli va mehnatkash yoshlar chetda qoladi, lavozimlar esa haqli bo‘lmaganlar qo‘liga o‘tadi. Bu esa jamiyatda norozilik, ishonchsizlik va ruhiy tushkunlikni keltirib chiqaradi.
Shunga ko‘ra, jinoyatchilik esa huquqiy me’yorlarni buzish, jamiyatga qarshi harakat qilishdir. U o‘g‘irlik, firibgarlik, bosqinchilik, giyohvand moddalarni tarqatish kabi ko‘plab shakllarda yuzaga chiqadi. Jinoyatning ildizi, odatda, ma’naviy yetishmovchilik, ishsizlik, qashshoqlik yoki oiladagi tarbiyaning sustligiga borib taqaladi. Jinoyat insonni tubanlikka yetaklaydi, jamiyat esa bunday harakatlardan aziyat chekadi.
Yurtimizda korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi tizimli kurash olib borilmoqda. Maxsus qonunlar, organlar va profilaktika tadbirlari orqali bu illatlarning ildiziga bolta urilmoqda. Biroq davlatning o‘zi yolg‘iz kurasha olmaydi. Har bir fuqaroning huquqiy savodxonligi, vijdoni va mas’uliyat hissi muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, yoshlar orasida ma’naviyat, halollik va vatanparvarlik g‘oyalarini keng yoyish bu illatlarga qarshi eng kuchli qalqondir.
Ya’ni, korrupsiya va jinoyatchilik – bu jamiyatning yallig‘langan yarasi, uni vaqtida davolamasak, butun organizm zararlanadi. Halol mehnat, pok niyat va kuchli qonunchilik bu illatlarni yengishning eng asosiy yo‘lidir. Kelajagi porloq, taraqqiy etgan jamiyatda yashashni istasak, avvalo o‘zimizdan boshlashimiz kerak – halol bo‘lish, qonunga itoat qilish, adolat tarafdori bo‘lish.
Taxiatosh tumani adliya
bo‘limi bosh maslahatchisi B.Kalbaev