Янгиликлар
12
Elektron raqamli imzo olish tartibi va uning afzalliklari.
Bugungi kunga kelib tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yuzga yaqin turli davlat xizmatlari ko'rsatilib kelinmoqda. Ayni vaqtda davlatimiz rahbari va Hukumatimiz tomonidan mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy sohalarida olib borilayotgan ko'pgina islohotlar natijasida aksariyat ma'muriy tartib-taomillar soddalashtirildi, ko'pchilik holatlardagi ortiqcha qog'ozbozlik va sansalorliklarning oldi olindi. Ayniqsa siz va biz uchun eng qimmat bo'lgan resurs bu – vaqtni tejash imkoni paydo bo'ldi.
Hozirgi vaqtga kelib o'z internet veb-saytiga, elektron pochtasiga va virtual qabulxonasi mavjud bo'lmagan davlat boshqaruvi organlari va xo'jalik boshqaruvi organlari uchratish qiyin. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan joriy qilingan “Elektron hukumat” va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali fuqarolarimiz, tadbirkorlik sub’ektlari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar barcha yuridik shaxslar o'zlari uchun zarur davlat tashkilotlariga turli xil shaklda murojaatlar etishlari mumkin.
Albatta bu o'rinda elektron raqamli imzo (keyingi o'rinlarda ERI) haqida atroflicha to'xtalib o'tish zarur. Chunki yuqorida ta'kidlangan aksariyat davlat xizmatlaridan foydalanish aynan ERI yordamida amalga oshiriladi.
Xo'sh, dastlab “Elektron raqamli imzo o'zi nima?”, “O'zi u nima uchun kerak?”, va “Zarurat tug'ilsa qayerdan va qanday olsa bo'ladi?” – degan savollarga to'xtalib o'tsak!!!
O'zbekiston Respublikasining 2003 yil 11 dekabrda qabul qilingan “Elektron raqamli imzo to'g'risida”gi Qonunining 3-moddasida elektron raqamli imzo - elektron hujjatdagi mazkur elektron hujjat axborotini elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus o'zgartirish natijasida hosil qilingan hamda elektron raqamli imzoning ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xatolik yo'qligini aniqlash va elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasini identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan imzo ekanligi qayd etilgan.
Soddaroq qilib aytganda ERI asosan kompyuter va turli elektron dasturlar uchun hammamizga ma'lum ko'rinishda shaxsan qo'lda qo'yiladigan hamda shakli va ko'rinishidan aynan kimga tegishli ekanligini anglatuvchi shaxsiy imzoning elektron ko'rinishi hisoblanadi. Jismoniy shaxs o'z ERIsi yordamida davlat xizmatlaridan mustaqil ravishda Davlat xizmatlari markazlariga kelmasdan turib foydalanishlari mumkin.Shuningdek, davlat xizmatini ko'rsatuvchi vakolatli davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xo'jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari va mas’ul xodimlari o'z ERI orqali tegishli litsenziyalarni, guvohnomalarni, ruxsatnomalar va shu kabi boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni elektron shaklda ortiqcha qog'ozbozliksiz rasmiylashtirish imkoniga egadirlar.
Ayniqsa ERI jismoniy shaxslarga Davlat xizmatlari markaziga kelmasdan turli shakldagi tadbirkorlik sub’ekti sifatida davlat ro'yhatidan o'tishlari imkonini beradi. Bu esa o'z navbatida fuqarolarimizning vaqtini tejalishiga, uzoq navbatda turishlardan va ortiqcha xarajatlardan xolos bo'lishlariga zamin yaratadi.
ERIga ega bo'lish uchun avvalo jismoniy va yuridik shaxslar o'z STIR (soliq to'lovchining identifikatsiya raqami)iga ega bo'lishlari, ya’ni davlat soliq organlarida hisobga olingan bo'lishlari zarur. Chunki ERI uchun amalga oshiriladigan to'lovlar aynan STIR asosida amalga oshiriladi.
ERI kaliti sertifikatining amal qilish muddati ERI ro'yxatga olingan vaqtdan boshlab 24 oydan oshmasligi kerakligi belgilangan.
Bugungi kunda mamlakatimizda mavjud banklararo to'lov tizimining rivojlanganligini hisobga olgan holda fuqarolarimiz ERIga ega bo'lishlari uchun hammamizga yaxshi ma'lum bo'lgan “CLICK”, “PAYME”, “UPAY” mobil ilovalari yordamida yoxud Davlat xizmatlari markazlari binolarida joylashgan tijorat banklari kassalarida bevosita to'lovni amalga oshirishlari mumkin.
Amudaryo tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i
1-darajali yurist Sh.Vaisniyazov