Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

28

Konstitutsiya va shaxs daxlsizligi kafolati


Konstitutsiya va shaxs daxlsizligi kafolati

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.Keyingi yillarda mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston — inson sha’ni va qadr-qimmati, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy qadriyat hisoblangan davlat bo‘lishi; xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi; «odamlar tashvishi bilan yashash», xalqimizning qonuniy talab-istaklari va xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish davlat organlari faoliyatini baholashning eng muhim mezoniga aylanishi; barcha muhim qarorlar aholi ishtirokida, fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuv asosida qabul qilinishi kabi prinsip va g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda inson qadr-qimmati, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash g‘oyasi davlatimizning butun ichki va tashqi siyosatining tamal toshiga, Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan demokratik islohotlarning eng muhim harakatlantiruvchi kuchiga hamda ushbu ezgu sa’y-harakatlarni o‘zaro bog‘lab turuvchi muhim omilga aylandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz dunyoviy davlat, ochiq va adolatli jamiyat qurish, unda tenglik va teng huquqlilik prinsiplarini hayotga tatbiq etish, fuqarolar, ayniqsa, ayollar va bolalar huquqlarini kamsitmaslik g‘oyalariga asoslanadi. Bunda yurtimizda inson huquqlari madaniyati tobora yuksalayotgani, inson hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmatiga hurmat ruhi shakllanayotgani alohida ahamiyat kasb etadi.
Bosh qomusimiz Muqaddimasida O‘zbekiston xalqi ushbu Konstitutsiyani, jumladan, «fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida» qabul qilgani alohida ta’kidlangan. Shu ma’noda, Asosiy Qonunimiz — biz uchun nafaqat muhim hayotiy qo‘llanma, balki milliy g‘urur-iftixor, kerak bo‘lsa, ushbu zaminda istiqomat qilayotgan, jinsi, irqi, millati, tili, dinidan qat’i nazar, barcha insonlar uchun mustahkam huquqiy himoya hisoblanadi.
Eng asosiysi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning:
birinchidan, mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi;
ikkinchidan, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi;
uchinchidan, yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishiga taalluqli konstitutsiyaviy normalar mustahkamlab qo‘yildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etilib, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi.
Konstitutsiyamizning 27-moddasida quyidagi norma keltiriladi: “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega”.
Shaxsning daxlsizlikka bo‘lgan huquqi uning erkinlikda bo‘lishi bilan ifodalanadi. Qolaversa, qonunsiz ozodlikda bo‘lishi cheklanamasligini ham anglatadi. Shaxsning ozodligi cheklanishi yoki undan mahrum qilinishi uchun qonuniy asos bo‘lishi kerak. Masalan, jinoiy ishga jalb qilinishi, ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etishda gumonlanishi kabi.
Ozodlikning cheklash deganda faqat qamoqda saqlash tushunilmaydi. Masalan, shaxsning erkiga xilof ravishda uni biron binoga qamab qo‘yish, majburiy psixiatriya muassasalariga joylashtirish ham ozodlikdan cheklash hisoblanadi.
Shaxsning ozodligi qachon qonuniy cheklanadi? Bu nimaga kerak?
Shaxsning daxlsizligi huquqi qonunga muvofiq tarzda, muayyan asoslar mavjud bo‘lganida cheklansa, u qonuniy hisoblanadi. O‘zbekistonda shaxsni qamoqda saqlash yoki ozodlikdan mahrum qilish (cheklash) masalasi faqat sud qarori bilangina amalga oshiriladi. Shu bilan birga bunday huquqning cheklanishida belgilangan protsessual qoidalarga rioya qilinmog‘i talab etiladi. Aks holda amalga oshirilgan harakat noqonuniy bo‘lib chiqadi. Deylik, shaxsni jinoiy qilmishni sodir etishda ayblayotib, yetarli dalillarsiz ozodlikdan mahrum qilish qonunbuzilishi hisoblanadi. Bunday vaziyatda shaxs o‘z huquqini tiklash uchun shikoyat qilishi va hukmni bekor qildirishga haqli bo‘ladi.
Qonunchilikda nima uchun shaxsning ozodlikda bo‘lishini cheklash yoki mahrum etish jazo sifatida kiritilganining yetarli sabablari bor. Birinchi navbatda, bundan shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etishiga barham berish, yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararlarning oldini olish va bu odamni axloqan tarbiyalash kabi maqsad ko‘zlanadi.
Shunday qilib, shaxsning daxlsizligini huquqini kafolatlashda davlatga ikki karra mas’uliyat yuklanadi. Birinchisi, o‘zboshimchalik bilan erkinlik cheklanishidan himoya majburiyati bo‘lsa, ikkinchidan faqat qonunga asoslanib va sud qarori bilan bunday huquqdan mahrum qilishni ta’minlashi kerak.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahrirda qabul qilinishi "Inson sha’ni va qadr-qimmati uchun" tamoyili asosida xalq farovonligini yanada yuksaltirish, inson, fuqarolik jamiyati va davlatni jadal rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.

Nukus tumani adliya bo‘limi Yuridik
xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i:                   G.Izekeeva