Янгиликлар
21
Bola huquqlari
Bola huquqlari – bolaga nisbatan inson huquqlari toifasi, irqi, jinsi, tili, dini, tug‘ilgan joyi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiyligi, ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, har bir bola ega bo‘lishi kerak bo‘lgan huquq va erkinliklar. Xalqaro huquqda 18 yoshga yetmaganlarning barchasi bola deb tan olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 45-moddasida “Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasida” ekanligi hamda 64-moddasida “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburiyligi” mustahkamlab qo‘yilgan.
Bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari::
• bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;
• bolaning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish;
• bolaning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
• bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish;
• bolalar huquqlari va imkoniyatlarining tengligini ta’minlash;
• bola huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirish;
• bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash va boshqalar.
O‘zbekiston MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib 1992 yili «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyani ratifikatsiya qildi. Milliy qonunchiligimizni konvensiya qoidalariga implementatsiya qilish asnosida 2008 yil 7 yanvarda «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi.
Ayniqsa, so‘ngi yillarda mamlakatimizda voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklarini taʼminlash bilan bog‘liq islohotlar natijasi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham munosib baholanmoqda.
BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida 2019 yilning 22 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4296-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi va Kotibiyat tuzilmasida bola huquqlarini taʼminlash faoliyatiga ko‘maklashuvchi yangi sektor tuzildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev ta`kidlaganidek, “Biz uchun jamiyatda begona bola yo‘q va bo‘lmasligi kerak. Hammasi o‘zimizning, O‘zbekistonimizning bolalari. Vaqtida mehr ko‘rsatsak, ishga, ilmga, kasbu hunarga, ezgu fazilatlarga o‘rgatsak, ularning yo‘lini ochib bersak, ertaga foydasi o‘zimizga, jamiyatimizga tegadi.” Prezidentimizning ta`kidlagan manashu fikri bola huquqlari kafolatlari jamiyat uchun va albatta yurtimizning kelajagi uchun katta poydevor bo‘lib xizmat ko‘rsatadi.
To‘rtko‘l tumani adliya bo‘limi
FHDY bo‘limi 1-toifali inspektori N.Xamidxo‘jayeva