Янгиликлар
28
QORAQALPOGʻISTONDA TADBIRKORLARGA YARATILGAN IMKONIYATLAR
QORAQALPOGʻISTONDA TADBIRKORLARGA YARATILGAN IMKONIYATLAR
Barcha hududlar qatori Qoraqalpog‘istonda ham iqtisodiyotni tez o‘stirishga zamin tug‘diradigan drayver yo‘nalishlarda investisiya, ish o‘rni, eksportni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan davrda Qoraqalpog‘istonda 1,4 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya evaziga 150 ta loyiha ishga tushdi. Tadbirkorlar 12 mingdan 25 mingga, tijorat maydonlari 1,5 million kvadrat metrga ko‘payib, 212 ming odam doimiy ishga joylashdi. Qoraqalpog‘istonda biznes va investisiya uchun qulay muhit, daromad topish uchun yangi-yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Masalan, faoliyatini mikro-loyihadan boshlagan 13 ming tadbirkor kichik biznesga, yana 351 tasi o‘rta biznesga o‘tdi. Yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan yuqori tadbirkorlar 43 taga yetdi.
Davlat dasturlari doirasida yo‘l, suv, ijtimoiy ob’yektlar qurilishi va mahalla infratuzilmasiga 11 trillion so‘m ajratildi. Xususan, bog‘cha qamrovi 28 foizdan 84 foizga oshdi. Yangi 21 ta maktab qurildi, yana 243 tasi to‘liq ta’mirlandi.
Ilk marta 700 o‘ringa mo‘ljallangan 17 qavatli IT- park qurildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ikki yil ichida 40 mingga yaqin qoraqalpog‘istonlik yoshlar o‘qitildi.
Bugungi kunga kelib, tumanimizdagi eng chekka qishloqlarda bo‘lsangiz ham tadbirkorlikning keng quloch yoyayotganini ko‘rasiz va bu albatta hududimizda bunga katta imkoniyatlar ochilayotganining samarasidir.
Davlatimiz Rahbari tadbirkorlar bilan uchrashuvda, yuzma-yuz muloqotda agar import xom-ashyo Qoraqalpog‘istonni o‘zida qayta ishlanib, tayyor mahsulot qilib, eksportga chiqariladigan bo‘lsa, tashishdan iqtisod qilingan mablag‘ 2 karra oshishiga urg‘u bergandilar. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, o‘sha kunning ertasiga respublikamizning barcha hududlaridan 300 ga yaqin eng ko‘zga ko‘ringan tadbirkor va investorlar Qoraqalpog‘istonda to‘plangandi. Bundan tashqari, xorijda biznesini yo‘lga qo‘ygan yana 40 dan ziyod vatandoshlarimiz kelib, Qoraqalpog‘iston sharoiti bilan tanishdi. Hududiy studiyalarda mingdan ortiq biznes vakillari ishtirok etdi.
Ushbu tadbirkorlar bilan aniq takliflar ishlab chiqish muhimligi qayd etildi. Mutasaddilarga boshqa hududlardan kelgan tadbirkorlar bilan ishlab, har bir tuman kesimida “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturini ishlab chiqish topshirilgandi. Bugun Prezidentimizning mana shu topshiriqlari Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Bu dastur Qoraqalpog‘istonda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlarni rivojlantirish uchun yangi nafas, kamida 10 milliard dollarlik investisiya va 500 ming ish o‘rni uchun katta zamin bo‘ladi.
“Ko‘rib turibsizlar, qoraqalpoq zaminida yashab, ishlayotgan odamlarning ertasi bugunidan yaxshi bo‘lishi uchun katta marralarni olganmiz.
Buning uchun hamjihat bo‘lib, oldimizda turgan qiyinchiliklarni yengib o‘tish uchun birgalikda harakat qilishimiz shart va zarur.
Maqsadimiz bitta – azaldan do‘st-qardosh, og‘a-ini, quda-anda bo‘lib yashayotgan o‘zbek va qoraqalpoq oilalarining tinch va farovon, baxtli hayotini ta’minlash.
Qilayotgan barcha ishlarimiz, kelgusida amalga oshiradigan ulkan reja va dasturlarimiz zamirida ayni shu maqsad yotibdi”, - dedi davlatimiz rahbari. Demak, xulosamiz shuki, Qoraqalpog’stonda tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar shu darajada ko’pki, bu o’z-o’zidan hududni qisqa muddatda ijtimoiy-iqtisodiy yuksaltirishga xizmat qilib, odamlar roziligiga
olib kelishi, shubhasiz!
Beruniy tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi R.Kenjayev