Янгиликлар
11
Qonun bilan himoyalangan manfaat: “Universal Premium Stroy” MChJ misolida haqiqatning himoyasi
Qonun bilan himoyalangan manfaat: “Universal Premium Stroy” MChJ misolida haqiqatning himoyasi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Universal premium stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilish ishlari bajarilgan bo‘lib, shartnomaviy majburiyatlarga asosan ushbu ishlar uchun jami: 617 600 000so‘mlik to‘lov belgilangan edi.
Mazkur murojaat yuzasidan o‘rganishlar davomida, taraflar o‘rtasida shartnoma bo‘yicha 2022-yil 24-noyabrdagi to‘lov topshiriqnomasi bilan 185 280 000.00 so‘m hamda 2022-yil 30-dekabrdagi to‘lov topshiriqnomasi bilan 307 928 242.00 so‘m, ja’mi 493 208 242.00 so‘m to‘lov amalga oshirilganligi aniqlandi.
Biroq, oradan ikki yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan, mazkur summadagi pul mablag‘lari buyurtmachi tomonidan amaldagi shartnoma asosida to’liq to‘lab berilmagan. Shundan so‘ng, “Universal premium stroy” MChJ tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligiga murojaat yo‘llab, shartnoma asosida mavjud bo‘lgan debitorlik qarzdorligini undirib berishda amaliy yordam so‘ragan.
2024-yil 29-oktabr kungi 2024-yil oktabr oyi uchun qilingan ishlari qiymati haqidagi hisob-faktura ma’lumotnomasi bilan Nukus shahridagi Sh.Abdirova ko‘chasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti binosida avtomatik yong‘in signalizatsiya va evakuatsiyani boshqarish tizimi bo‘yicha umumiy qurilish ishlarini amalga oshirganlik uchun buyurtmachi tomonidan pudratichiga 121 146 756 so‘m to‘lov amalga oshirilishi tasdiqlangan bo’lishiga qaramasdan hozirgi kunga qadar buyurtmachi tomonidan 121 146 756 so‘m pul mablag‘lari to‘lab berilmaganligi ma’lum bo’ldi.
Shartnomaning 4-bandi uchunchi xatboshida buyurtmachi keyingi oyning
15 sanasigacha haqiqiy bajarilgan ishlar uchun joriy to‘lovlarni amalga oshirish majburyatini olganligiga qaramasdan hozirgi kunga qadar bajarilgan ishlar uchun tegishli to‘lovlar amalga oshirilmaganligi sababli, pudratchi tomonidan 2025-yil 20-martda talabnoma kiritilgan bo’lsa-da, talabnoma ham amalda qanoatlantirilmasdan qolgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 241-moddasiga asosan, majburiyat bajarilmaganligi uchun, basharti qonunchilik yoki shartnomada uchinchi shaxsning javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnomadagi taraf javobgar bo‘lishi belgilangan. Shuningdek, ushbu Kodeksning 673-moddasiga muvofiq, buyurtmachi pudratchining bajargan ishi uchun smetada nazarda tutilgan miqdorda, qonun yoki qurilish pudrati shartnomasida belgilangan muddatda va tartibda haq to‘laydi.
Bundan tashqari, ushbu Kodeksning 638-moddasiga asosan, agar pudrat shartnomasida bajarilgan ishga yoki uning ayrim bosqichlariga oldindan haq to‘lash nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi pudratchiga shartlashilgan haqni ish tegishli tarzda va kelishilgan muddatda yoxud buyurtmachining roziligi bilan muddatidan oldin bajarilib, uning natijalari uzil-kesil topshirilganidan keyin to‘lashi shart.
Shu sababli, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 121 146 756 so‘m debitorlik qarzdorlikni undirish bo‘yicha Nukus tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritildi.
Sud tomonidan ish mazmunan ko‘rib chiqilib, qonuniy va asosli dalillar asosida qarzdorlik mavjudligi e’tirof etilib, 121 146 756 so‘mlik pul mablag‘lari “Universal premium stroy” MChJ foydasiga undirib berilishi haqida hal qiluv qarori qabul qilindi.
Mazkur voqea tadbirkorlik faoliyatida qonuniylik va shartnomaviy intizomning dolzarbligini yana bir bor ko‘rsatadi. Tadbirkorning haqli mehnati va uning natijasida yaratilgan ishlar o‘z vaqtida qadr topmas ekan, bu holat ishlab chiqarish zanjirining uzilishiga, ish o‘rinlarining qisqarishiga va iqtisodiy muvozanatning buzilishiga olib kelishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya
vazirligi Huquqni qoʻllash amaliyotini
oʻrganish va metodik ta’minlash sho’basi
katta maslahatchisi M.Xaytbayev