Янгиликлар
11
Uch yil kutilgan haqiqat: Tadbirkorning 155 million so‘mlik puli undirildi
Uch yil kutilgan haqiqat: Tadbirkorning 155 million so‘mlik puli undirildi
2022-yil davomida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining 5-sonli o‘quv binosi atrofida “Xadji Stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilish ishlari bajarilgan bo‘lib, shartnomaviy majburiyatlarga asosan ushbu ishlar uchun 155 407 257 so‘mlik to‘lov belgilangan edi.
Biroq, oradan ikki yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan, mazkur summadagi pul mablag‘lari buyurtmachi tomonidan amaldagi shartnoma asosida to‘lab berilmagan. Shundan so‘ng, “Xadji Stroy” MChJ tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligiga murojaat yo‘llab, shartnoma asosida mavjud bo‘lgan debitorlik qarzdorligini undirib berishda amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat yuzasidan o‘rganishlar davomida, taraflar o‘rtasida shartnoma bo‘yicha qilingan ishlar hajmi 2024-yil 1-noyabrdagi hisob-kitob dalolatnomasiga asosan taraflar o‘rtasida qurilish ishlari amalga oshirilganligi hamda 155 407 257 so‘m debitorlik qarzdorligi mavjudligi tasdiqlanganligi hamda hozirgi kunga qadar buyurtmachi tomonidan 155 407 257 so‘m pul mablag‘lari to‘lab berilmaganligi aniqlandi.
Shuningdek, taraflar o‘rtasida 2025-yil 10-martdagi “Bajarilgan ishlarning qiymati to‘g‘risidagi hisob-faktura ma’lumotnomasi”ga asosan 155 407 257 so‘mdan iborat bo‘lgan qurilish ishlari amalga oshirilganligi ko‘rsatilgan.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining bosh injeneri, “Allayar proekt” JShJ mutaxassisi va “Xadji stroy” MChJ direktori o‘rtasida 2025-yil 12-mart kuni tuzilgan ma’lumotnomaga asosan 155 407 257 so‘m bo‘lgan qurilish ishlari to‘lig‘i bilan amalga oshirilganligi tasdiqlangan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 241-moddasiga asosan, majburiyat bajarilmaganligi uchun, basharti qonunchilik yoki shartnomada uchinchi shaxsning javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnomadagi taraf javobgar bo‘lishi belgilangan. Shuningdek, ushbu Kodeksning 673-moddasiga muvofiq, buyurtmachi pudratchining bajargan ishi uchun smetada nazarda tutilgan miqdorda, qonun yoki qurilish pudrati shartnomasida belgilangan muddatda va tartibda haq to‘laydi.
Bundan tashqari, ushbu Kodeksning 638-moddasiga asosan, agar pudrat shartnomasida bajarilgan ishga yoki uning ayrim bosqichlariga oldindan haq to‘lash nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi pudratchiga shartlashilgan haqni ish tegishli tarzda va kelishilgan muddatda yoxud buyurtmachining roziligi bilan muddatidan oldin bajarilib, uning natijalari uzil-kesil topshirilganidan keyin to‘lashi shart.
Shu sababli, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 155 407 257 so‘m debitorlik qarzdorlikni undirish bo‘yicha Nukus tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritildi.
Sud tomonidan ish mazmunan ko‘rib chiqilib, qonuniy va asosli dalillar asosida qarzdorlik mavjudligi e’tirof etilib, 155 407 257 so‘mlik pul mablag‘lari “Xadji Stroy” MChJ foydasiga undirib berilishi haqida hal qiluv qarori qabul qilindi.
Mazkur holat kichik biznes subyektlarining qonuniy manfaatlari davlat tomonidan himoya qilinayotganligini yaqqol tasdiqlab bermoqda. Bu kabi misollar davlat organlarining xususiy sektor bilan hamkorligining amaliy samaradorligini, shuningdek, adolatli va ochiq huquqiy muhit shakllanib borayotganini namoyon etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya
vazirligi Huquqni qoʻllash amaliyotini
oʻrganish va metodik ta’minlash
shoʻbasi bosh maslahatchisi S.Kamalov