Янгиликлар
11
Sud qaroriga asosan haqiqiy emas deb topilgan auksion savdosidan so‘ng fuqarolarning to‘lagan mablag‘larini qaytarib olish masalasi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi
Sud qaroriga asosan haqiqiy emas deb topilgan auksion savdosidan so‘ng fuqarolarning to‘lagan mablag‘larini qaytarib olish masalasi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi
So‘nggi yillarda yer munosabatlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida elektron onlayn-auksionlar tizimi joriy etilib, fuqarolar va tadbirkorlar uchun yer uchastkalariga mulk va ijara huquqini olishning qulay shakli yo‘lga qo‘yildi. Biroq, ayrim hollarda auksion natijalari bo‘yicha yuzaga kelayotgan nizolar, fuqarolarning haq-huquqlarini tiklash zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligiga fuqarolar aka-uka Ilham va Islam Matniyazovlar tomonidan 2023-yilda YU171-034414, YU171-034415, YU171-042526 va YU171-040527-sonli elektron onlayn-auksionlarda qatnashib, yer uchastkalarini yutib olganligini, ammo 2023-yil 6-mart kuni Nukus tumanlararo sudi qaroriga asosan mazkur kimoshdi savdolari haqiqiy emas deb topilgan hamda ushbu auksionlarda yutib olingan yer uchastkalari uchun to‘langan mablag‘lar tegishli tashkilotlar tomonidan qaytarib berilmaganligidan norozi bo‘lib, ushbu masalada to‘langan mablag‘larni qaytarib olishda amaliy yordam so‘ragan murojaati o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar davomida, 2023-yil 6-martda Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan chiqarilgan hal qiluv qaroriga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan auksion bayonnomalari asosida o‘tkazilgan kimoshdi savdolari haqiqiy emas deb topilgan va bu borada Elektron onlayn-auksion tashkil etish markazi DUK auksion g‘oliblari tomonidan to‘langan mablag‘larni qaytarib to‘lash majburiyatini olganligi, biroq, ushbu hal qiluv qarori ustidan Elektron onlayn-auksion tashkil etish markazi tomonidan shikoyat keltirilib, ish Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida 2023-yil 25-may kuni ko‘rib chiqilganligi aniqlandi.
Yakunda, fuqarolar Ilham Matniyazov va Islam Matniyazovlar tomonidan to‘langan mablag‘larni undirish haqidagi da’volari qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-dekabrdagi 1023-son qarori (mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14-fevraldagi 71-sonli ““Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan) bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq, auksion orqali sotilgan yerlar bo‘yicha tushgan mablag‘lar “Davergeodezkadastr” qo‘mitasining maxsus hisob raqamiga yo‘naltiriladi va Nizomning 73-bandida belgilangan tartibda yer tuzish va kadastr xizmatlari, qurilish tashkilotlari, operator (E-auksion operatori) hamda mahalliy byudjetlar o‘rtasida belgilangan foizlar asosida taqsimlanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, vazirlik tomonidan fuqarolarning auksiondan yutib olgan yer uchastkalari uchun to‘langan mablag‘larni qaytarish choralarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Nukus tumani hokimligiga, Kadastrlar palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga taqdimnomalar kiritilib, Nukus tumani hokimligidan 13 678 077, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligidan 1 784 000 va Kadastrlar palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasidan 6 600 800 so‘m jami 22 062 877 so‘m undirilib, natijada fuqarolar aka-uka Ilham va Islam Matniyazovlarga o‘z mablag‘lari qaytarib berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi
Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va
metodik ta’minlash sho‘basi boshlig‘i A.Abdikadirova