Янгиликлар
23
Kiber xavfsizlik va jinoyatchilikni oldini olish
Kiber xavfsizlik va jinoyatchilikni oldini olish
O‘zbekiston Respublikasining “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi Qonuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 - yil 25 - fevralda qabul qilingan, Senat tomonidan 2022 - yil 17 - martda ma’qullangan bo‘lib, ushbu Qonunning maqsadi kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Haqiqatan, bugungi kunda global axborot maydonida kiber makon bilan bog‘liq yangidan-yangi tahdidlar yuzaga kelmoqda. Shu bois virtual olamdagi hujumlardan himoyalanish masalasi dunyo hamjamiyatini jiddiy tashvishga solmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har yili 500 milliondan ortiq kiber hujumlar uyushtiriladi. Har soniyada 12 nafar insondan biri kiber makonda sodir etilgan hujumlar qurboniga aylanadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari, Fransiya, Angliya, Germaniya, Belgiya, Lyuksemburg kabi rivojlangan davlatlarda jinoyatlarning 60-65 foizi kiber hujumlar orqali sodir etilmoqda. O‘zbekistonda ham so‘nggi uch yilda bu turdagi jinoyatlar 8,3 baravarga ko‘payib, hozirda umumiy jinoyatchilikning qariyb 5 foiziga yetgan. Xususan, noqonuniy bank-moliya operatsiyalari orqali o‘zgalarning plastik kartadagi mablag‘larini o‘zlashtirish, zararli viruslar tarqatish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar, diniy aqidaparastlikka qaratilgan axborot xurujlari, onlayn savdo maydonidagi firibgarlik jinoyatlari ko‘payib bormoqda.
Achinarlisi, axborot texnologiyalari yordamida huquqbuzarlik va jinoyatga qo‘l urgan shaxslar orasida yoshlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Respublikamizda virtual olamdagi qonunbuzilishlarning aksariyati 16-23 yosh oralig‘idagi o‘smir-yoshlar tomonidan sodir qilinmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, kiberxavfsizlikni ta’minlash masalasi bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Mustaqil yurtimizda axborot xavfsizligi masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning yangi yondashuvlari amaliyotga joriy qilinmoqda. Chunki virtual olamdagi jinoyatlarning zarari va xavfi real olamdagi tahdiddan oshib borayotganiga ko‘pchilik guvoh bo‘layotgani ham hayot haqiqati. Bu borada “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilingani sohani davlat tomonidan tartibga solishga, mamlakatimiz axborot tizimlari va tarmoqlariga noqonuniy aralashishning oldini olishga xizmat qiladi.
Beruniy tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi katta mutaxassisi L.Ro‘zimbayeva