Янгиликлар
10
Korrupsiyaga qarshi kurash mazmun-mohiyati
Har bir jamiyat taraqqiyot sari intiladi. Lekin bu yo‘ldagi eng katta to‘siqlardan biri bu – korrupsiyadir. U tashqaridan keladigan xavf emas, ichkaridan jamiyat tanasini asta-sekin yemiruvchi, ishonchni so‘ndiruvchi, adolatni yo‘qqa chiqaruvchi illatdir.
Bugungi kunda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu yo‘lda qonunlar qabul qilinmoqda, maxsus agentliklar faoliyat yuritmoqda, jamoatchilik ishtiroki oshirilmoqda. Lekin faqatgina qonunlar yoki jazo chorasi bilan korrupsiyani yengib bo‘lmaydi. Bu illatga qarshi kurashda har bir fuqaroning ongida halollik va adolat tuyg‘ulari shakllanishi kerak.
Ko‘p hollarda oddiy fuqarolarning “shunaqa bo‘lib ketgan-ku”, “porasiz ish bitmaydi” degan iboralari muammoning ildizini ko‘rsatadi. Korrupsiya faqat yuqori lavozimdagilar emas, balki kundalik hayotimizdagi oddiy holatlar – bog‘chaga bola joylashtirish, kasalxonada navbatni sotib olish, hujjatlarni tezlashtirish kabi holatlardan boshlanadi.
Yoshlar orasida “pul bilan hamma narsa bo‘ladi” degan qarashlar shakllansa, bu – ertangi kunimizga tahdiddir. Demak, biz korrupsiyaga qarshi kurashni maktabdan, oiladan, madaniy muhitdan boshlashimiz kerak. Ota-ona halol mehnat bilan bolaga ibrat bo‘lsa, ustoz sinfda adolatli bo‘lsa, rahbar o‘z qadrini halollik bilan belgilasa – jamiyatda sog‘lom muhit shakllanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurash – bu kurash emas, balki tarbiya. Bu da’vo emas, amaliy faoliyat. Bu jazo emas, ongdagi inqilob. Barchamiz shu ong bilan yashasak, jamiyatda adolat, ishonch va taraqqiyot poydevori mustahkam bo‘ladi.
Yakunda shuni aytish lozimki, korrupsiyaga qarshi kurash faqat davlatning emas, har bir fuqaroning burchidir. Halollik qadriyatga aylansa, yutuqlarimiz o‘z-o‘zidan ortadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Adliya vazirligi Huquqni qo‘llash va
metodik ta‘minlash bo‘limi
yetakchi maslahatchisi M.Xaytbayev