Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

10

Gender tenglikni taʼminlash sohasidagi islohotlar


Taʼkidlash joizki, so‘nggi yillarda yurtimizda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga koʼtarildi. Shu asnoda, O‘zbekistonda bir qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan.
Xususan, ayni kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama taʼminlash masalalariga oid 40 dan ziyod normativ- huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Shu yo‘nalishda, mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan huquqiy himoya va huquqiy kafolat sifatida O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilning 2-sentyabrdagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘gʼrisida”gi O‘RQ-562-son Qonuni qabul qilindi. Mazkur Qonun BMTning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyor va standartlariga to‘liq mos keladi.
Ushbu qonun yurtimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, ushbu sohada davlat boshqaruvi mexanizmlari belgilab berilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Binobarin, mazkur qonunda gender tushunchasi ham qayd etilgan boʼlib, unga koʼra, gender — xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, taʼlim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihati ko‘rsatilgan.
Eʼtirof etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida «Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar», deb belgilangan bo‘lib, yurtimizda gender tengligining ham xalqaro huquqiy ham, konstitutsiyaviy huquqiy asosi kafolatlanganligidan darak beradi.
Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tarkibida ayollar huquqlarini taʼminlash va kamsitishning har qanday shakliga barham berish bo‘yicha milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni uygʼunlashtirish bilan shugʼullanuvchi yangi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil qilingan.
Shuningdek, O‘zbekiston BMTning xotin-qizlarni kamsitish va taʼqib qilishning barcha shakllaridan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya etishni nazarda tutuvchi xalqaro shartnomalariga ham qo‘shildi.
Bundan tashqari, mehnatga oid huquqlarning kafolatlari va qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, uydagi zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berish maqsadida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazi, Xotin-qizlar tadbirkorligi markazi, Hukumat huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi kabi yangi tuzilmalar tashkil topdi.
Muhim jihatlardan yana bir tomoni, “O‘zbekiston Respublikasining Saylov to‘gʼrisida”gi Qonunning 4-bobi “Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari” ga bag‘ishlangan.
Shu bilan birga, mazkur Qonunning 18-moddasida saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash huquqi yaʼni, xotin-qizlar va erkaklar hokimiyat vakillik organlariga saylash va saylanishda teng huquqlarga egaligi ham qonun normalari bilan belgilab qo‘yilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Xulosa o‘rnida aytganda, mamlakatimizda gender tenglik sohasida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy meʼyoriy hujjatlar va amaliy chora-tadbirlar O‘zbekistonning gender siyosati sohasidagi muhim qadamlaridan biri bo‘ldi desak, aslo xato bo‘lmaydi.

To‘rtko‘l tuman adliya bo‘limi,
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti   I.Satbaev