Янгиликлар
26
Ko‘chmas mulk tarixi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish
Ko‘chmas mulk tarixi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-sentabrdagi 535-son qarori bilan Ko‘chmas mulk tarixi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan bo’lib, ushbu Reglament jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘chmas mulk tarixi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Ko‘chmas mulk tarixi to‘g‘risidagi ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining tegishli hududiy boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi hamda “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi qonunlari talablariga rioya qilingan holda taqdim etiladi.
Ma’lumotnomada ko‘chmas mulkka bo‘lgan amaldagi hamda avvalgi huquqlar, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sana, huquqni belgilovchi hujjatlar turi, kim tomonidan berilganligi, sanasi va raqami to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettiriladi.
Ariza beruvchi ma’lumotnomani olish uchun davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi, davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yoki O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining davreestr.uz veb-saytida ro‘yxatdan o‘tadi. Ariza beruvchi YIDXP yoki davreestr.uz veb-sayti orqali murojaat etgan taqdirda, so‘rovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, yig‘im summasining 90 foizi undiriladi. Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun yig‘im undirilganligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanadi.
Palataning tegishli hududiy boshqarmasi so‘rovnoma tushgan va to‘lov amalga oshirilgan vaqtdan boshlab uch ish kuni ichida QR-kod qo‘yilgan ma’lumotnomani rasmiylashtiradi va davlat xizmatlari markaziga (o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda) yoxud ariza beruvchiga (elektron shaklda murojaat etgan taqdirda) YIDXP yoki davreestr.uz veb-sayti orqali yuboradi. Davlat xizmatlari markazi ma’lumotnoma tushgandan so‘ng real vaqt rejimida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchining so‘roviga ko‘ra unga ma’lumotnomani elektron yoki qog‘oz shaklda berishi mumkin. So‘rovnomada ariza beruvchi tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishning natijasini olib ketishga mas’ul shaxs ko‘rsatilgan holatlarda davlat xizmatlarini ko‘rsatishning natijasini ushbu shaxsga taqdim etishda tegishli ishonchnoma talab etilmaydi.
Ellikqal’a tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi bo‘limi boshlig‘i A.Jabbarov