Янгиликлар
28
Gender tenglik
Gender tenglik
Mamlakatimizda so‘nggi besh yil davomida gender tenglik masalasiga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Gender tengligi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan alohida e’tibor qaratilayotgan va qo‘llab-quvvatlash zarurligi e’tirof etilgan dolzarb masalalardan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyatining ilk kunlaridan boshlab asosiy e’tiborni xotin-qizlar va oila muammolariga qaratib kelmoqda. Natijada o‘tgan davrda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilashga doir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 aprelda qabul qilingan "Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori shular jumlasidan. Ushbu qaror asosan inson huquqlarini himoya qilish, xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, umuman, jamiyatimizda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘z navbatida, 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rniga huquqiy kafolatdir. Mazkur Qonun davlatimiz rahbarining 2019-yil 7-martda qabul qilingan "Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
"Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunning 1-moddasida qayd etilganidek, ushbu Qonunning maqsadi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunda gender tushunchasiga ham ta’rif berilgan. Gender - xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, jumladan, siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim va fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihati hisoblanadi.
Demak, gender tushunchasi faqat ayollar manfaatlarini ifodalamaydi. Balki har ikki jins vakillarining o‘z orzu-intilishlari va maqsadlari sari dadil qadam tashlashi, ularga hayot sifatini oshirish uchun teng imkoniyat berilishini huquqiy kafolatlaydi. Demak, har qanday rivojlangan demokratik jamiyatning muhim talablaridan biri ham shu - xotin-qizlar va erkaklar huquqlarining tengligini ta’minlashdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 22 fevral kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida so‘zlagan nutqida gender siyosati masalalari bo‘yicha mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlar qat’iy davom ettirilishini ta’kidladi. Shu maqsadda joriy yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti va ayollar mintaqaviy biznes-forumini o‘tkazish rejalashtirilayotganiga e’tibor qaratdi.
Prezidentimiz 2020 yil 23 sentyabrda videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasidagi nutqida ham O‘zbekistonda gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylanganini alohida ta’kidlagani bejiz emas. Chunki so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchayib bormoqda. Parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobar ko‘paydi.
Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning o‘z imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun barcha sharoitlarni ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. O‘zbekistonda bir qator qonunlar, Prezidentning xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, xususan, gender tenglik va xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqomini kuchaytirish to‘g‘risidagi farmon va qarorlari qabul qilingan.
Gender tenglik bo‘yicha tegishli institutsional choralar ham ko‘rilmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tarkibida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etilgan. Ushbu yangi tuzilma xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash va kamsitishning har qanday shakliga chek qo‘yish bo‘yicha milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni uyg‘unlashtirish bilan shug‘ullanmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 1948 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida xotin-qizlar va erkaklar tengligi alohida e’tirof etilgan. Deklaratsiyaning 1-moddasida belgilanganidek, "Barcha odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar. Ularga aql va vijdon berilgan, demak, bir-biriga do‘stona munosabatda bo‘lishlari kerak."
BMT tomonidan 1966 yilda qabul qilingan yana bir xalqaro-huquqiy hujjat - Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 3-moddasida ta’kidlanganidek, "ushbu paktga a’zo davlatlar erkaklar va ayollar uchun ushbu Paktda ko‘rib chiqilgan barcha fuqarolik va siyosiy huquqlardan teng foydalanilishini ta’minlash majburiyatini oladilar."
Aynan ushbu xalqaro me’yorlar "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida o‘z aksini topgan. Demak, yuqorida qayd etilgan xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgan mustaqil davlatimiz xalqaro huquqning umume’tirof etilgan talablaridan kelib chiqib, o‘zining milliy qonunchiligida xotin-qizlar va erkaklar tengligi masalasiga alohida ahamiyat berishi sababi ham asosli.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, hech shubhasiz, ana shu asosning ustuvor huquqiy kafolatidir. Asosiy Qonunimizning 46-moddasida "Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidir," deb belgilangan.
Shu ma’noda, O‘zbekistonda gender tenglikning ham xalqaro-huquqiy, ham konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari kafolatlangan. Gender tengligi ijtimoiy tenglikni ham anglatadi. Bunday tenglikni ta’minlash uchun Konstitutsiya va qonunlarga zarur qoidalarni kiritishning o‘zi yetarli emas. Shu bois, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda gender tenglikka erishishda xotin-qizlarning jamiyatdagi nufuzini yanada kuchaytirish masalasi davlat va jamiyatning doimiy diqqat markazida turibdi. Chunki bu muhim omil oilani mustahkamlash, yuksak intellektual darajadagi yosh avlodni tarbiyalash, jamiyat barqarorligini ta’minlashning asosiy negizidir.
Nukus shahar adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsult M.M.Xo‘jaxmetova