Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

26

Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida


Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Joriy yilning 28-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-73-son Farmoni qabul qilindi.
Mamlakatimizda pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yagona yondashuv asosida tubdan takomillashtirish, mazkur yo‘nalishda oliy ta’lim dasturlarini xalqaro tajriba asosida transformatsiya qilish, shuningdek, ta’lim sohasida uzviylik va uzluksizlikni hamda ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash Farmonning maqsadi sifatida belgilangan.
Farmonga ko‘ra, universitetga xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan yo‘nalishlar uchun ularning talablaridan kelib chiqib, talabalarni qabul qilishda mustaqil ravishda qo‘shimcha va alohida imtihonlar (suhbat, test, insho, keys topshiriqlari va boshqalar) tashkil etishga ruxsat etiladi.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich:
Universitetning boshqaruv tizimi “Yangi O‘zbekiston” universiteti tajribasi asosida tubdan takomillashtiriladi;
Universitetning mavjud 14 ta fakulteti maqbullashtirilib, yuridik shaxs bo‘lmagan 6 ta pedagogika oliy maktablari tashkil etiladi;
pedagogika oliy maktabi dekan tomonidan boshqariladi va ta’lim sifatini ta’minlash, pedagogika maktabini rivojlantirish, ilmiy faoliyatni boshqarish hamda ushbu yo‘nalishlarda xalqaro aloqalarni amalga oshirish uning asosiy vazifalari etib belgilanadi;
akademik faoliyat raqamlashtirilgan boshqarish tizimi (Learning management system) orqali yo‘lga qo‘yiladi hamda “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi;
Universitetning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga birinchi kursdan xalqaro ta’lim dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi;
xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan ta’lim yo‘nalishlarida xalqaro tajribalar asosida talabalar bilimini baholashning yangi tizimi joriy etiladi;
mustaqil bilim olishga o‘rgatishga yo‘naltirilgan innovatsion ta’lim texnologiyalari pedagogik ta’lim amaliyotiga kiritiladi;
xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda Universitet va pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarining xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan ta’lim yo‘nalishlarida dars berish uchun professor-o‘qituvchilarni tanlab olish tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari  2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:
pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida Universitetga mos ravishda boshqaruv tizimi takomillashtiriladi va xalqaro ta’lim dasturlari bosqichma-bosqich joriy etib boriladi;
Universitet pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim tashkiloti sifatida ta’lim dasturlarini xalqaro tajriba asosida transformatsiya qilish jarayonlarini muvofiqlashtiradi;
Universitet tarkibidagi Oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi faoliyati xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish asosida takomillashtiriladi.
Farmonga asosan,  2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:
pedagog kadrlarni tayyorlash faqat kunduzgi va kechki ta’lim shakli bo‘yicha tashkil etilib, sirtqi ta’lim shakliga qabul amalga oshirilmaydi;
bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlashga davlat buyurtmasini shakllantirish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan pedagog kadrlarni davlat buyurtmasidan tashqari tayyorlash pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining takliflari asosida amalga oshiriladi;
oliy pedagogik ta’lim yo‘nalishida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xulosasi asosida amalga oshiriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish maqsadida talabalarning bilimlarini tashqi diagnostika qilish tizimi joriy etiladi. Bunda diagnostika natijalariga ko‘ra pedagog kadrlar tayyorlash sifati belgilangan talablarga javob bermaydigan ta’lim yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlashni cheklash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
pedagog kadrlar tayyorlashga davlat buyurtmalarini prognoz qilish va shakllantirishda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ma’lumotlar almashinuvini avtomatlashtirish va boshqarish bo‘yicha yagona dasturiy kompleksi (ERP) ma’lumotlari tahlil qilinadi va tegishli takliflar ishlab chiqiladi.



Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi
Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi
ustidan nazorat qilish sho‘basi
Yetakchi maslahatchisi                                                          J.Ismoilov