Янгиликлар
23
Qonunchilikdagi yangiliklar
Qonunchilikdagi yangiliklar
2025 yil 19-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025–2030 yillarda bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy strategiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ–186-son) qabul qilindi. Ushbu muhim hujjat mamlakatimizda bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, xususan, onkologik kasalliklarga qarshi kurashish sohasida yangi bosqichni boshlab bermoqda.
Qarorning maqsadi – bolalarda saraton kasalliklarini erta aniqlash, samarali davolash va ularning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan tizimli yondashuvni joriy etishdir. Milliy strategiya 2025–2030 yillar davomida amalga oshiriladigan aniq vazifalar, dasturlar va moliyalashtirish mexanizmlarini belgilab beradi.
Prezident qaroriga muvofiq, quyidagi yo‘nalishlarda ish olib boriladi:
Bolalar onkologiyasi sohasida zamonaviy diagnostika va davolash tizimini shakllantirish;
Onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha skrining dasturlarini kengaytirish.
Hududiy va milliy onkogematologiya markazlarini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash;
Shifokorlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
Ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish;
Bemor bolalar va ularning ota-onalariga psixo-sotsial yordam ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish.
Ushbu milliy strategiya orqali 2030 yilgacha bolalarda saratonni erta aniqlash ko‘rsatkichlarini keskin yaxshilash, kasalliklardan tutilish holatlarini kamaytirish va davolanish samaradorligini oshirish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, har bir bola va uning oilasiga ruhiy, ijtimoiy va tibbiy yordam ko‘rsatish orqali jamiyatdagi ijtimoiy adolatni ta’minlashga hissa qo‘shiladi.
PQ–186-sonli qaror bolalarning hayotini saqlab qolish va ularga sog‘lom kelajak yaratish borasida muhim qadam hisoblanadi. Ushbu strategiya nafaqat sog‘liqni saqlash sohasini, balki butun jamiyatni onkologik kasalliklarga qarshi jipslashgan holda kurashishga chaqiruvchi dasturdir. Davlat va jamoat tashkilotlari, soha mutaxassislari va fuqarolar ushbu ishda faol ishtirok etishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Beruniy tumani adliya bo‘limi
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti Sh. Masharipov