Янгиликлар
15
15 may - Xalqaro oila kuni.
15 may - Xalqaro oila kuni.
Xalqaro oila kuni 1994-yildan beri har yili 15-mayda nishonlanadi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Xalqaro oila yili toʻgʻrisidagi 47/237-rezolyutsiyada eʼlon qilingan. Ushbu kunning ta'sis etilishidan maqsad oilaning ko'plab muammolariga jamoatchilik e'tiborini qaratishdir.
Oila jamiyatimizning muhim bo‘g‘ini va hayotning davomi bo‘lgan farzandlar tarbiyalanadigan, tarbiya maskanidir.
Oilalar salohiyatga ega bo‘lsa, bunday oilalar tashkil etgan jamiyat ham salohiyatga ega bo‘ladi. Binobarin, dinimiz oilaga iymon, muhabbat, ta’lim-tarbiya maskani, baxtli hayot yo‘li sifatida qarashni farz qilgan.
Oila – yurtimizning go‘zal an’ana va qadriyatlarini saqlaydigan muqaddas va ajoyib maskan. Mehribonlik oilada tug'iladi, undan mahallaga o'tadi va jamiyatga singib ketadi.
Mamlakatimizda oilalarni mustahkamlash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlash borasida ibratli ishlar olib borilmoqda. Oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash va ularning farovonlik darajasini oshirish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Masalan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 76-moddasiga ko'ra, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir.
Nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi.
Davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi tegishli farmonida oila institutini mustahkamlash hamda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida alohida vazifalar belgilangani muhim ahamiyat va mazmun kasb etadi.
15-may – Xalqaro oila kunini keng nishonlash va “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovini yuqori saviyada o‘tkazish, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirish, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish, namunali oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish maqsadida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, davlatimizda oilaga bo'lgan e'tibor eng yuqori o'rinda turadi desak aslo adashmagan bo'lamiz.
Notariat, advokatura va mediatsiya sho'basi bosh maslahatchisi Sh.Salieva