Янгиликлар
13
Nomoddiy madaniy meros namunalarini ro‘yxatga kiritish yoki undan chiqarish bilan bog‘liq davlat xizmatlari.
Nomoddiy madaniy meros namunalarini ro‘yxatga kiritish yoki undan chiqarish bilan bog‘liq davlat xizmatlari.
Mazkur xizmat jismoniy va yuridik shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) va Davlat xizmatlari markazlari orqali nomoddiy madaniy meros namunalarini Nomoddiy madaniy meros namunalarining milliy va mahalliy ro‘yxatlariga kiritish hamda ulardan chiqarish, shuningdek, ularning ushbu ro‘yxatlarga kiritilgan yoki kiritilmaganligi to‘g‘risida ma’lumotlar olish bilan bog‘liq davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — nomoddiy madaniy meros namunalari bilan bog‘liq davlat xizmatini ko‘rsatishni so‘rab murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti;
ilmiy-metodik kengash (Kengash) — vakolatli organ huzurida nomoddiy madaniy meros namunalarini tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazish maqsadida tashkil etiladigan davlat organlari, ilmiy institut va muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, nomoddiy madaniy merosni asrash va undan foydalanish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan va tadqiqot ishlarini amalga oshirayotgan alohida tadqiqotchilar va mutaxassislardan iborat kengash;
nomoddiy madaniy meros namunalari — tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan, urf-odatlar, xalq ijodiyoti (so‘z, raqs, musiqa, tomosha san’ati), badiiy hunarmandchilik va amaliy san’at bilan bog‘liq bilimlar, ko‘nikmalar, artefaktlar, madaniy makonlar;
nomoddiy madaniy meros namunalarining mahalliy ro‘yxati (mahalliy ro‘yxat) — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari tasdiqlagan, nomoddiy madaniy meros masalalari bo‘yicha hududiy ekspertlar guruhi tomonidan yuritiladigan Nomoddiy madaniy meros namunalari ro‘yxati;
Nomoddiy madaniy meros namunalarining milliy ro‘yxati (milliy ro‘yxat) — O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tasdiqlagan, vakolatli organ tomonidan yuritiladigan O‘zbekiston Respublikasi hududida mavjud bo‘lgan nomoddiy madaniy meros namunalari ro‘yxati;
tarixiy-madaniy ekspertiza (ekspertiza) — nomoddiy madaniy meros namunasining milliy ro‘yxatga kiritilishini asoslash uchun tashkil etiladigan o‘rganish ishlari;
hududiy organ — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari;
hududiy ekspertlar guruhi (ekspertlar guruhi) — nomoddiy madaniy meros namunalarini izlab topish va ular to‘g‘risida ma’lumotlar yig‘ish maqsadida hududiy organ huzurida tashkil etiladigan davlat organlari, ilmiy institut va muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlarning vakillari, nomoddiy madaniy merosni asrash va ulardan foydalanish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan va tadqiqot ishlarini amalga oshirayotgan alohida tadqiqotchilar va mutaxassislardan iborat guruh.
Nomoddiy madaniy meros namunalarini milliy va mahalliy ro‘yxatlarga kiritish yoki ulardan chiqarish bo‘yicha ariza beruvchi shaxsan yoki uning nomidan murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxs o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda so‘rovnomani elektron shaklda to‘ldiradi. Ariza beruvchi YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, har kuni yigirma to‘rt soat ichida so‘rovnoma yuborishi mumkin. Bunda so‘rovnomalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlarida yuborilganda, kalendar bo‘yicha navbatdagi ish kuni so‘rovnomalarning vakolatli organga kelib tushgan va vakolatli organ tomonidan qabul qilingan kun hisoblanadi. So‘rovnoma to‘ldirilganidan so‘ng ariza beruvchi ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Nomoddiy madaniy meros namunalarini Nomoddiy madaniy meros namunalarining milliy ro‘yxatiga kiritish va undan chiqarishda ariza beruvchi YIDXP orqali murojaat qilinganda, so‘rovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga, Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etganda, so‘rovnoma Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng barcha hujjatlar o‘n daqiqa ichida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi.
Vakolatli organ so‘rovnomani bir ish kuni ichida tegishli hududiy organga ko‘rib chiqish uchun yuboradi.
Hududiy organ so‘rovnomani bir ish kuni ichida ekspertlar guruhiga yuboradi.
Ekspertlar guruhi o‘n ish kuni ichida so‘rovnomani ko‘rib chiqib, quyidagi xulosalardan birini tayyorlaydi:
nomoddiy madaniy meros namunasini mahalliy ro‘yxatga kiritish (chiqarish) to‘g‘risida;
nomoddiy madaniy meros namunasini mahalliy ro‘yxatga kiritishni (chiqarishni) rad etish to‘g‘risida.
Ekspertlar guruhining nomoddiy madaniy meros namunasini mahalliy ro‘yxatga kiritish (chiqarish) to‘g‘risidagi xulosasi asosida hududiy organ:
bir ish kuni ichida nomoddiy madaniy meros namunasini mahalliy ro‘yxatga kiritish (chiqarish) bo‘yicha buyruq qabul qiladi;
nomoddiy madaniy meros namunasi avval mahalliy ro‘yxatga kiritilgan (chiqarilgan) bo‘lsa, bir ish kuni ichida axborot xati va tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni yozma ravishda vakolatli organga taqdim etadi.
Vakolatli organ mahalliy ro‘yxatga kiritilgan (chiqarilgan) nomoddiy madaniy meros namunalarini milliy ro‘yxatga kiritish (chiqarish) maqsadida bir ish kuni ichida nomoddiy madaniy meros namunalarini ekspertizadan o‘tkazish uchun kengashga yuboradi.
Kengash o‘n ish kuni ichida nomoddiy madaniy meros namunalarini Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 23-fevraldagi 47-son qarori bilan tasdiqlangan Nomoddiy madaniy meros namunalarining tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq ekspertizadan o‘tkazadi hamda quyidagi xulosalardan birini tayyorlaydi va uni vakolatli organga taqdim etadi:
nomoddiy madaniy meros namunasini Nomoddiy madaniy meros namunalarining milliy ro‘yxatiga kiritish (chiqarish) to‘g‘risida;
nomoddiy madaniy meros namunasini Nomoddiy madaniy meros namunalarining milliy ro‘yxatiga kiritishni (chiqarishni) rad etish to‘g‘risida.
Kengashning nomoddiy madaniy meros namunalarini milliy ro‘yxatga kiritish yoki undan chiqarish to‘g‘risidagi xulosasi asosida vakolatli organ bir ish kuni ichida nomoddiy madaniy meros namunalarini milliy ro‘yxatga kiritish (chiqarish) yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga taklif kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi uch ish kuni ichida O‘zbekiston Respublikasi nomoddiy madaniy merosining yangilangan milliy ro‘yxatini tasdiqlaydi va vakolatli organga yuboradi.
Vakolatli organ bir ish kuni ichida nomoddiy madaniy meros namunasini milliy ro‘yxatga kiritilganligi yoki undan chiqarilganligi bo‘yicha ma’lumotnomani (matrik shtrixli kod qo‘yilgan) rasmiylashtiradi hamda uni o‘z elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlab, shu kunning o‘zida Davlat xizmatlari markaziga yoki YIDXP orqali avtomatik tarzda ariza beruvchiga elektron shaklda yuboradi.
Davlat xizmatlari markazi QR-kod qo‘yilgan ma’lumotnomani olganidan so‘ng o‘n daqiqa ichida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazi ariza beruvchi shaxsan kelib murojaat qilgan taqdirda, unga ma’lumotnomani ariza beruvchining so‘roviga ko‘ra elektron shaklda yoki qog‘oz shaklda berishi shart.
Quyidagilar davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish uchun asos bo‘ladi:
nomoddiy madaniy meros namunalarini milliy va mahalliy ro‘yxatga kiritish yoki undan chiqarish bo‘yicha so‘rovnomada zarur ma’lumotlar va hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda yoki ularda xato va noto‘g‘ri ma’lumotlar mavjud bo‘lsa;
avval ayni shu turdagi namuna nomoddiy madaniy meros namunasi sifatida milliy yoki mahalliy ro‘yxatga kiritilgan yoki undan chiqarilgan bo‘lsa;
berilgan nomoddiy madaniy meros namunalari ayni omma uchun xos yoki har bir shaxsda (obyektlarda) uchraydigan yoxud o‘zida badiiy va madaniy qimmatlik xususiyatini aks ettirmasa.
Davlat xizmatini ko‘rsatish boshqa asoslarga ko‘ra rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xo‘jayli tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlar markazi bo‘lim boshlig‘i A.Auezimbetov