Янгиликлар
28
Firibgarlik jinoyati va uning oqibatlari
Firibgarlik jinoyati va uning oqibatlari
Bugungi kunda firibgarlik jinoyati jamiyatda eng ko‘p uchraydigan jinoyat turlaridan biri hisoblanadi. Texnologiyalar rivojlanishi, raqamli xizmatlarning kengayishi bu jinoyat shaklining turli ko‘rinishlarda amalga oshishiga zamin yaratmoqda.
Bugungi kunda firibgarlik, aldash va ishonchni suiiste’mol qilish jinoyatlari ko‘payib ketmoqda. Odamlar firibgarlarning gaplariga darrov chuv tushib, aldanib qolmoqdalar.
“Firibgarlik” aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiy huquqini qo‘lga kiritishdan iborat bo‘ladi. Tashqi tarafdan mulkdor tomonidan mulkni ixtiyoriy ravishda berish yoki begonalashtirish va jinoyatchiga o‘tkazish kuzatiladi. Aynan aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish mulkdorda yoki mulkning boshqa qonuniy egasida mulkni yoxud mulkiy huquqlarini jinoyatchiga o‘tkazish fikrini tug‘diradi.
Aldash deganda, mol-mulk egasi yoki mol-mulk ishonib topshirilgan shaxsning o‘zi uni firibgarga ixtiyoriy ravishda, o‘z xohishi bilan berishiga erishish maqsadida, jabrlanuvchini chalg‘itish uchun aybdor shaxs tomonidan har qanday faktni buzib ko‘rsatish yoki haqiqatni yashirish yoxud bila turib yolg‘on ma’lumotlarni xabar qilish tushuniladi.
Ishonchni suiste’mol qilish esa aybdor shaxs tomonidan o‘zganing mulkini qonunga xilof ravishda o‘z foydasiga olish uchun o‘zi va mulk egasi yoxud mulk egaligi ixtiyorida turgan shaxs o‘rtasidagi alohida, o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlardan qonunga xilof ravishda mulkni o‘z foydasiga olish uchun foydalanishi tushunilishi lozim. Odatda, ishonchga asoslangan munosabatlar firibgar va jabrlanuvchi shaxs o‘rtasida prokat, ijara, oldi-sotdi, topshiriq shartnomasi va boshqalarda vujudga kelishi mumkin. Firibgar niyatiga erishish uchun xizmat, qarindoshchilik, do‘stlik munosabatlaridan ham foydalanishi mumkin.
Firibgarlik jinoyati deganda - iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar jumlasiga kirib, jinoyat kodeksining 168-moddasida ushbu jinoyatga ta’rif berilgan.
Unga ko‘ra firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, ancha miqdorda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa –
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish,
ko‘p miqdorda, takroran yoki havfli retsidivist tomonidan, xizmat mavqeyidan foydalangan holda;
g) axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa - bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi. Bu jinoyat turli shakllari soxta hujjatlar orqali mol-mulkni o‘zlashtirish, bank kartalari yoki internet orqali firibgarlik, ishga joylashtirish yoki kredit olishda yolg‘on va’dalar orqali mulk olish.
Firibgarlik jinoyatining turlariga:
1. Оddiy firibgarlik – odatda kichik miqdordagi zarar yetkaziladi.
2. Takroran yoki bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan firibgarlik – bu holat jinoyatni og‘irlashtiruvchi omillar sifatida ko‘riladi.
3. Yirik miqdorda firibgarlik – juda katta moddiy zarar yetkazilgan hollarda qo‘llaniladi.
Firibgarlikning jamiyatga ta’siri - firibgarlik nafaqat alohida shaxsga moddiy zarar yetkazadi, balki jamiyatda ishonchsizlik muhitini keltirib chiqaradi. Ayniqsa, bank tizimi, biznes muhit va elektron savdo sohalarida bu jinoyat obro‘ga va iqtisodiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Firibgarlik jinoyati – bu nafaqat qonunni buzish, balki insonlar o‘rtasidagi ishonchni yemiradigan og‘ir jinoyatdir. Uni oldini olish uchun fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirishi, shubhali harakatlarga ehtiyotkorlik bilan yondashishi zarur. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar esa firibgarlikka qarshi kurashda qat’iyatli va samarali choralarni ko‘rishi lozim.
Taxtako‘pir tumani Yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Shaxanov Dauletbay