Янгиликлар
26
2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi
2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi:
Davlat aktivlarini iqtisodiyotga jalb qilishda yangi bosqich
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF–70-sonli Farmoni bilan “2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi muhim hujjat qabul qilindi. Mazkur dastur davlat mulkidan samarali foydalanish, xususiy sektor ulushini oshirish va investision muhitni yanada yaxshilashni ko‘zda tutadi.
Dasturning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari:
30 trillion so‘mlik aktivlarni sotish
2025 yil davomida davlatga tegishli aktivlar va yer uchastkalarini sotish orqali kamida 10 trillion so‘m daromad olish mo‘ljallanmoqda.
Keng ko‘lamli savdolar
– 115 ta xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat ulushlari,
– 659 ta ko‘chmas mulk obyektlari,
– 6,1 ming gektar yer uchastkalari auksion orqali sotuvga chiqariladi.
Shu bilan birga, 30 ta foydali qazilma kon va uchastkalaridan foydalanish huquqi ham savdoga qo‘yiladi.
2025-yildan boshlab 2030-yil 1-yanvargacha davlat ishtirokida yangi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tashkil etish taqiqlanadi. Bu – xususiy sektorga kengroq imkoniyat yaratishni maqsad qilgan chora-tadbirlardandir.
Maydoni 10 ming m²gacha bo‘lgan davlat mulki obyektlari besh yilgacha tekin foydalanishga beriladi. Agar tadbirkor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma shartlarini bajarsa, ushbu obyekt belgilangan bahoda uning mulkiga o‘tkaziladi.
Sotilmagan aktivlar bo‘yicha yangi yondashuv:
Boshlang‘ich narxi pasaytirilgan holda ham 1 yil ichida sotilmagan va xaridorlar uchun jozibador bo‘lmagan davlat mulki ob’yektlari endi boshqa yuridik shaxslarning ustav kapitaliga ulush sifatida kiritilishi mumkin. Bu – muomalaga kirmagan aktivlarni iqtisodiyotga jalb qilishda muhim qadamdir.
Endilikda mahalliy davlat hokimiyati organlarining bozorlar va savdo majmualari ustav kapitalidagi majburiy ishtirok etishi to‘g‘risidagi talab bekor qilindi. Bu esa ushbu sohadagi raqobatni kuchaytirishi va xususiy tashabbuslarni rag‘batlantirishi kutilmoqda.
2025-yil uchun tasdiqlangan xususiylashtirish dasturi davlat ishtirokini iqtisodiyotda bosqichma-bosqich qisqartirish va xususiy sektorning ulushini oshirishga yo‘naltirilgan. Bu jarayon orqali nafaqat byudjet daromadlari oshiriladi, balki iqtisodiyotga yanada samarali boshqaruv usullari va yangi texnologiyalar ham jalb etiladi.
Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish
va metodik ta’minlash sho‘basi bosh
maslahatchisi Sag‘inbay Kamalov