Янгиликлар
25
Xodimning huquqlari buzilishi yuzasidan shikoyat qilish bosqichlari.
Xodimning huquqlari buzilishi yuzasidan shikoyat qilish bosqichlari.
Xodim o‘zining huquqlari buzilgan deb hisoblagandan boshlab qonunchilikka muvofiq uning shikoyat qilish huquqi vujudga keladi. Shu asnosida shikoyat qilish bosqichlarini quyidagicha:
1. Ish beruvchining o‘ziga bevosita murojaat qilish.
Bunda xodim buzilgan huquqlari yuzasidan ish beruvchi bilan dastlabki maslahatlashuv va kelishuvlarni amalga oshirishi mumkin. Bu shikoyat, asosan, norasmiy hisoblanib, ish beruvchilarga nisbatan kelgusida qonuniy chora ko‘rilishining, xususan, ma‘muriy javobgarlikka tortilishining, shuningdek, sud bosqichidagi ovvoragarchiliklarning oldi olinishi mumkun.
2. Mehnat nizolarini hal etish komissiyasi.
Mazkur komissiya tashkilot (ishxona)ning o‘zida tashkil qilinib, xodim va ish beruvchilarning vakillari teng huquq va sonda ishtirok etishadi. Bu bosqichda MKning 558-moddasida ko‘rsatilgan bevosita sudda ko‘riladigan nizolar mustasno ekanligi belgilangan. (Asos: MKning 545-moddasi)
3. Mehnat inspeksiyasiga shikoyat qilish.
MKning 535-moddasida tushunchalari berilgan Mehnat inspeksiyasi ish beruvchilar tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik, aholining bandligi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik, mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlar, mehnatni muhofaza qilish qoidalari hamda mehnat standartlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini va tekshiruvini amalga oshiradi.
Bunda xodim o‘zining buzilgan huquqlari yuzasidan ish beruvchi joylashgan hududdagi mehnat inspeksiyasiga ish beruvchining harakatlari ustidan shikoyat qilishi mumkin. MJTKning 255-moddasida shunday keltiriladi:
Davlat mehnat inspeksiyasining mansabdor shaxslari Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 49, 50, 51, 492, 493, 501 va 229-moddalarida nazarda tutilgan ma‘muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.
Demak, xodim mehnat inspeksiyasiga murojaat qilsa, tegishli mehnat inspektori holatni batafsil o‘rganib ish beruvchini jarimaga tortib ketadi.
4. Sudga shikoyat qilish.
Har qanday shaxs, jumladan, xodim sudga bevosita sudga murojaat qilishlari mumkin. Bu shaxslarning Konstitutsiyaviy huquqi hisoblanib, Konstitutsiyaning 55-moddasida belgilangan.
MKning 562-moddasiga muvofiq, xodim yakka tartibdagi mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan talablar bo‘yicha sudga murojaat etganda sud xarajatlaridan ozod qilinadi. Qisqachasiga aytadigan bo‘lsak, xodim va ish beruvchi o‘rtasida yuzaga keladigan nizolar bo‘yicha sudga murojaat qilganda hech qanday pul undirilmaydi.
Xodim sudga murojaat qilmoqchi bo‘lganda MKning 560-moddasida ko‘rsatilgan da‘vo muddatlariga rioya qilishi lozimdir:
ishga tiklash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrug‘ining ko’chirma nusxasi topshirilgan kundan e‘tiboran uch oy;
boshqa mehnat nizolari bo‘yicha — xodim o‘zining huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e‘tiboran olti oy;
xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — ish beruvchi zarar yetkazilganligini aniqlagan kundan e‘tiboran bir yil.
To‘rtko‘l tuman Adliya bo‘limi
Yuridik Xizmat Ko‘rsatish Markazi
bosh yuristkonsulti Allabergenov Davranbek Allabergenovich.