Янгиликлар
21
Soliq qonunchiligidagi yangiliklar
Soliq qonunchiligidagi yangiliklar
Oʼzbekistonda 2025 yildan boshlab Soliq kodeksiga kiritilgan oʼzgartirishlar kuchga kirdi. Аsosiy soliq stavkalari saqlanib qoldi, biroq bir qator mahsulotlar uchun aktsiz soligʼi va qatʼiy belgilangan soliq stavkalari oʼzgardi. Аyrim soliq imtiyozlari bekor qilindi.
Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoev 2024 yil 27 dekabrь kuni «Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini taʼminlash boʼyicha keyingi chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi farmonni imzoladi.
Hujjat 20 dekabrь kuni faol tadbirkorlar bilan boʼlib oʼtgan uchrashuv yakunlari boʼyicha qabul qilindi.
Farmonga koʼra, 2028 yil 1 yanvarga qadar qoʼshilgan qiymat soligʼi (QQS) va foydasoligʼi stavkalari oʼzgarishsiz qoladi.
2025 yilning 1 yanvaridan 2028 yilning 1 yanvarigacha ayrim ijtimoiy shartlarni bajaruvchi tikuv, poyabzal va charm-attorlik sanoati korxonalari uchun foyda soligʼi va oʼzlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʼi stavkalari 1 foiz etib belgilandi. Ular quyidagi shartlarga bir vaqtning oʼzida javob berishi kerak:
• jami xodimlar sonining kamida 15 foizi Ijtimoiy himoya yagona reestri yoki Kambagʼal oilalar reestriga kiritilgan oilalarning aʼzolaridan tashkil togganda;
• har oyda har bir xodimga ish haqi miqdori mehnatga haq toʼlashning eng kam miqdorining. ikki baravaridan kam boʼlmagan miqdorda hisoblanganda;
• soliq davrida tikuv-trikotaj, poyabzal yoki charm-attorlik mahsulotlarini realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumi jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadning kamida 90 foizini tashkil etganda.
Savdo-sanoat palatasi huzurida Tadbirkorlarga tashqi moliya bozorlariga chiqishga koʼmaklashish markazi tashkil etiladi. Markaz xalqaro mablagʼlarni jalb qilish boʼyicha konsalting xizmatlarini koʼrsatadi.
Har yili kamida 100 nafar tadbirkor uning xizmatlaridan foydalanishi mumkin boʼladi. Markazni moliyalashtirish Savdo-sanoat palatasining faoliyatini qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi hisobidan amalga oshiriladi.
Tiklanish va taraqqiyot jamgʼarmasi 2025 yilda aylanma mablagʼlarini toʼldirishga ajratiladigan kreditlar uchun Savdoni rivojlantirish kompaniyasiga uning talabnomasiga asosan 5 yil muddatga 2028 yil 1 yanvardan qaytarish sharti bilan 2 foiz stavkada 100 mln dollar miqdorida qoʼshimcha mablagʼ ajratadi.
Tijorat banklari ushbu mablagʼlardan qishloq xoʼjaligi, sanoat va savdo korxonalarini kreditlash uchun foydalanish imkoniyatiga ega boʼladi.
Tijorat banklarining aylanma mablagʼlarini toʼldirishga ajratiladigan kreditlar uchun kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq 10 milliard soʼmdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etiladi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlar qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini kalibrovka qilish va qadoqlash boʼyicha loyihalari uchun revolʼver kreditlar olishlari mumkin boʼladi.
2025 yil 1 yanvardan toʼqimachilik mahsulotlariga eksport soliqlari belgilanadi:
• har bir kilogramm paxta ip-kalavasi uchun uning yigʼim eksport narxinidan 2 foizi (0,05 dollardan oshmasligi kerak).
• har bir kilogramm trikotaj mato uchun uning yigʼim eksport narxining 1 foizi.
Shuningdek, har yili 5 mingdan ortiq ish oʼrni yaratib, 100 mlrd soʼmdan ortiq soliq toʼlayotgan tadbirkorlar oʼrtasida «chempionlar» roʼyxati shakllantiriladi.
Prezidentning mazkur farmoni bilan 59 turdagi oziq-ovqat va boshqa tovarlar, jumladan, goʼsht, sut mahsulotlari, sabzavot va mevalarga import bojining nolь stavkasi qoʼllanishi 2026 yil 1 yanvargacha uzaytirilgandi. Qaror ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlashga qaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, Oʼzbekistondagi soliq qonunchiligidagi yangiliklar, davlat byudjetining soliq tushumlarini yanada oshirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni qoʼllab-quvvatlashga yoʼnaltirilgan.
To'rtko'l tumani
yuridik xizmat ko'rsatish markazi
bosh yuristkonsulti N.Radjapova