Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

28

Dalolatnoma yozuvlarini o‘zgartirish, tuzatish va to‘ldirish


Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish yetarli asoslar mavjud bo‘lganda va manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lmaganda, ushbu yozuvlar saqlanayotgan joydagi, agar ular O‘zbekiston Respublikasi hududida tuzilgan bo‘lsa, FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
O‘n olti yoshga to‘lgan shaxslarning tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar kiritish ularning arizasiga ko‘ra amalga oshiriladi. O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxslarning tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga o‘zgartirishlar kiritish ular ota-onasining yoki qonuniy vakillarining arizasiga ko‘ra amalga oshiriladi. Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar konsul yoki notarius tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma va ariza asosida amalga oshirilishi mumkin.
O‘lim haqidagi dalolatnoma yozuviga tuzatishlar kiritish yaqin qarindosh(lar) yoki merosxo‘r(lar)ning arizasiga ko‘ra FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi. Vafot etgan shaxslarning tug‘ilganlik, nikoh tuzish, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga tuzatish va qo‘shimchalar sud qaroriga asosan FHDY organi tomonidan kiritiladi. FHDY organining dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritishni rad etishi yuzasidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish quyidagi hollarda amalga oshiriladi: O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni 15-moddasi asosida tarixiy va milliy an’analarga rioya qilish maqsadida familiyasi, ismi, otasining ismini yozdirish istagi bo‘lganda, otalik belgilanganda, farzandlikka olinganda, ota-onaning o‘zaro kelishuviga ko‘ra (shuningdek ota-ona nikohdan ajratilganda) yoki hokim qaroriga ko‘ra voyaga yetmagan bolaning familiyasi o‘zgartirilganda, millati o‘zgartirilganda, nikohda turmagan ona tomonidan bolaning otasi haqidagi ma’lumotlarni o‘zgartirish haqida ariza berilganda (bola 16 yoshga yetgunga qadar), sud qarori bilan otalikni belgilash haqiqiy emas deb topilganda, ota haqidagi ma’lumotlar bekor qilinganda yoki farzandlikka olish bekor qilinganda, ota-onasining familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgartirilishi munosabati bilan voyaga yetmagan bolaning familiyasi va otasining ismi o‘zgartirilganda, dalolatnoma yozuvlarida imloviy xato va noaniqliklar bo‘lganda, shuningdek tug‘ilgan vaqti, joyi va otasining ismi haqidagi yozuv mavjud bo‘lmaganda,
16 yoshga to‘lmagan bolaning ismi va familiyasi o‘zgartirilganda, agar ismi va familiyasi ota-onasining xohishi hisobga olinmagan holda berilgan bo‘lsa, agar dalolatnoma yozuvida ismi qisqartirib yoki erkalatish shaklida yozilgan bo‘lsa, jinsi o‘zgartirilganda.
Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi ariza FHDY organi tomonidan, ariza tushgan kundan boshlab 10 kun mobaynida ko‘rib chiqilishi kerak. Uzrli sabablar mavjud bo‘lganda FHDY organi mudiri tomonidan ushbu muddat bir oygacha muddatga uzaytirilishi mumkin.


Kegeyli tumani adliya bo‘limi
FHDY bo‘limi 1-darajali inspektori: R.Samambetova