Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

28

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslarni va ularning yaqin qarindoshlarini himoya qilish hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qiluvchi shaxslarni rag‘batlantirish


Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslarni va ularning yaqin qarindoshlarini himoya qilish hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qiluvchi shaxslarni rag‘batlantirish O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvar kuni qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” Qonuni (keyingi o‘rinlarda – Qonun) va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 829-son qarori bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (keyingi o‘rinlarda – Nizom) bilan tartibga solinadi.
Nizomga muvofiq korrupsiyaga oid jinoyatlar deganda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)ning ikkinchi qismi “g” bandi, 168-moddasi (Firibgarlik)ning uchinchi qismi “v” bandi, 1929 (Tijoratda pora evaziga og‘dirib olish)va 19210 (Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish), 205 (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 209 — 214-moddalari (Mansab soxtakorligi, pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish, davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish, davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi), 243-moddasida (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni mansab mavqeyidan foydalangan holda sodir etish hamda 301-moddasida (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) ko‘rsatilgan jinoyatlar tushuniladi.
Qonunning 28-moddasiga muvofiq korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari davlat himoyasida bo‘ladi.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qiluvchi shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar xizmat sirini tashkil etadi hamda faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va shaxsning o‘zining, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi organ rahbarining yozma ruxsati asosida oshkor etiladi.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qiluvchi shaxslarning hamda ularning yaqin qarindoshlarining hayotiga va sog‘lig‘iga haqiqiy tahdidni, ularga nisbatan zo‘rlik ishlatilganligini, ularning mol-mulki yo‘q qilinganligini yoki shikastlantirilganligini tasdiqlovchi yetarli asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, korrupsiyaga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi organlar “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ularni himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi shart.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslarning va ularning yaqin qarindoshlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qilganligi sababli tajovuz qilishga, shuningdek ish beruvchi tomonidan ularning mehnatga oid huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda bu qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Yuqorida nazarda tutilgan Nizom korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibini belgilaydi.
Ushbu nizomga ko‘ra, Quyidagilar korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirishning (keyingi o‘rinlarda — rag‘batlantirish) asosiy vazifalari hisoblanadi:
jamiyatda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish hamda ushbu sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash;
korrupsiyaga oid jinoyatlarning barvaqt profilaktikasini ta’minlash, bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish;
aholining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini yanada oshirish hamda ularni ushbu sohaga qo‘shayotgan hissasi uchun munosib taqdirlash.
Rag‘batlantirish qonuniylik, adolatlilik, xolislik, oshkoralik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash va xohish-istaklarini hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslar bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Bunda, albatta quyidagi asoslardan biri mavjud bo‘lishi lozim:
1) fuqarolar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan o‘zlariga nisbatan pora talab qilgan shaxs haqida yoki o‘zlariga ma’lum bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga bergan xabari asosida bunday huquqbuzarlik fosh etilishi;
2) nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining yoxud davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisi o‘ziga nisbatan pora berishni taklif etgan yoki pora talab qilgan shaxs haqida yoxud o‘ziga ma’lum bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga (korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarning xodimlari esa bevosita o‘z rahbariga) bergan xabari asosida huquqbuzarlik fosh etilishi;
3) korrupsiyaga oid jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berilgan xabar asosida qidiruvdagi shaxs ushlanishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno.
Rag‘batlantirishning bir martalik pul mukofoti miqdori quyidagicha:
a) korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarlik haqida berilgan xabar uchun — bazaviy hisoblash miqdori (keyingi o‘rinlarda – BHM)ning 3 baravari miqdorida;
b) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati BHMning 30 baravarigacha bo‘lsa:
ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun — BHMning 5 baravari miqdorida;
uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun — BHMning 7 baravari miqdorida;
og‘ir jinoyat uchun — BHMning 10 baravari miqdorida;
o‘ta og‘ir jinoyat uchun — BHMning 15 baravari miqdorida;
v) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati BHMning 30 baravaridan 100 baravarigacha bo‘lsa:
ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun – BHMning 10 baravari miqdorida;
uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun — BHMning 15 baravari miqdorida;
og‘ir jinoyat uchun — BHMning 20 baravari miqdorida;
o‘ta og‘ir jinoyat uchun — BHMning 25 baravari miqdorida;
g) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati BHMning 100 baravaridan ko‘p bo‘lsa, quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:
ancha miqdor uchun — pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulk qiymatining 15 foizi miqdorida;
ko‘p yoki juda ko‘p miqdor uchun — pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulk qiymatining 10 foizi miqdorida.
Bunda pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulk qiymatini foizlarda hisoblashda qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorning eng kam miqdoridan kelib chiqiladi;
d) qidiruvda bo‘lgan shaxsning yashiringan joyi haqida xabar berganligi uchun BHMning 5 baravari, ikki yoki undan ortiq qidiruvda bo‘lgan shaxslarning yashiringan joyi haqida bir vaqtda xabar berganligi uchun esa — BHMning 7 baravari miqdorida.
Shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish va uni fosh etishda ahamiyatga ega bo‘lgan dalillar haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga xabar berganlik yoki bunday toifadagi jinoyatlarni tergov qilish yoxud tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda bevosita ko‘maklashganlik uchun shaxs tashakkurnoma yoki esdalik sovg‘a shaklida rag‘batlantirish tarzida taqdirlanadi. Bunda, esdalik sovg‘a qiymati BHMning 2 baravaridan oshmasligi lozim.
Quyidagi holatlarda korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxs:
ikki va undan ortiq korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarlik haqida xabar berganlik uchun BHMning 4 baravari;
har xil tasnifdagi ikki va undan ortiq korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida xabar berganlik uchun ushbu jinoyatlarning ijtimoiy xavfliligidan kelib chiqib og‘irroq tasnifi bo‘yicha bir marta;
bir xil tasnifdagi ikki va undan ortiq korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida xabar berganlik uchun bir marta;
korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat haqida yoxud qidiruvdagi shaxs to‘g‘risida ikki yoki undan ortiq shaxsning bergan xabari uchun yuqorida nazarda tutilgan Nizomning 9 va 11-bandlarida ko‘rsatilgan pul mukofoti miqdorining teng ulushlarida rag‘batlantiriladi.
Bundan tashqari shaxs korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shganligi uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat mukofotiga ham tavsiya etilishi mumkin.
Nizomga asosan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinganda so‘ng rag‘batlantirish masalasi ko‘rib chiqiladi:
1) korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha jinoyat ishlari yuzasidan sudning ayblov hukmi yoki qarori qonuniy kuchga kirganda;
2) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi birinchi qismining 1 - 3-bandlari, uchinchi qismi hamda beshinchi qismining 1-bandi asosida ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish haqidagi qaror prokuror tomonidan tasdiqlanganda yoki sudning ajrimi qonuniy kuchga kirganda;
3) qidiruvdagi shaxsga nisbatan qidiruvning bekor qilinganligi to‘g‘risida prokurorning, surishtiruvchining, tergovchining qarori yoki sudning ajrimi qabul qilinganda.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish masalasi korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti) huzurida tuziladigan maxsus komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Bunda respublika darajasidagi korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar rag‘batlantirish to‘g‘risidagi taqdimnoma bilan respublika maxsus komissiyasiga, ularning hududiy bo‘linmalari tomonidan esa hududiy maxsus komissiyalarga chiqadilar.
Ushbu taqdimnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
ro‘yxatdan o‘tgan ariza nusxasi yoki og‘zaki berilgan xabarni tasdiqlovchi ma’lumotlar;
sudning qonuniy kuchga kirgan qarori yoki ayblov hukmi nusxasi;
qidiruvni bekor qilish haqida, shuningdek, ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida chiqarilgan ajrim yoki qaror nusxasi;
shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarning shaxsiy hisobvarag‘i bo‘lgan bank rekvizitlari.
Maxsus komissiyalar tomonidan rag‘batlantirishga oid hujjatlar olingan kundan boshlab besh ish kuni ichida taqdim etilgan hujjatlarning to‘liqliligi, asosliligi hamda ushbu Nizom talablariga rioya qilinganligi ko‘rib chiqiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ maxsus komissiyaning qarori asosida bir ish kuni ichida bir martalik pul mukofoti yoki esdalik sovg‘asi bilan taqdirlash haqida qaror chiqaradi.
Bir martalik pul mukofoti xarajatlar smetasiga o‘zgartirish kiritilgandan so‘ng o‘n ish kuni ichida shaxslarning shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi, esdalik sovg‘asi esa qonunchilik hujjatlariga muvofiq sovg‘a qilinadigan buyum xarid qilingandan so‘ng besh ish kuni ichida topshiriladi.
Tashakkurnoma shaklida rag‘batlantirish masalasi bevosita korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ rahbari tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Rag‘batlantirilgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarning hisobi korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar taqdim etgan ma’lumot asosida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuritiladi.

Vazirlikning sho‘ba boshlig‘i E.Gayipov