Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

28

Ishga qabul qilishda dastlabki sinov muddati qancha va u kimlarga nisbatan qo‘llanilmaydi?


O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 130-moddasiga asosan dastlabki sinov muddati uch oydan, tashkilotlarning rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, bosh buxgalterlar hamda tashkilotlar alohida bo‘linmalarining rahbarlari uchun esa olti oydan oshmasligi kerak.
Bunda, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri va xodim haqiqatda ishda bo‘lmagan boshqa davrlar dastlabki sinov muddatiga qo‘shilmaydi.
Umuman olganda dastlabki sinov quyidagi maqsadlarda qo‘llaniladi:
1) xodimning topshirilayotgan ishga muvofiqligini tekshirish;
2) mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni davom ettirish maqsadga muvofiqligi haqida xodim tomonidan qaror qabul qilish.
Ya’ni, mehnat shartnomasi mana shu maqsadlarda dastlabki sinov bilan tuzilishi mumkin.
Mehnat shartnomasida xodimning dastlabki sinovdan o‘tishi ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Agarda xodimning dastlabki sinovdan o‘tishi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, xodim dastlabki sinovsiz ishga qabul qilingan deb hisoblanadi.
Mehnat kodeksiga asosan, quyidagilar ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi:
1) homilador ayol, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayol yoki uch yoshga to‘lmagan bolani yolg‘iz o‘zi tarbiyalayotgan ota (vasiy);
2) zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish uchun yuborilgan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan bo‘lgan shaxslar;
3) davlat grantlari asosida o‘qigan va oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran uch oy ichida yo‘llanma bo‘yicha olingan mutaxassisligiga doir ishga kirayotgan oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari;
4) tegishli ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran bir yil ichida birinchi bor ishga kirayotganda olingan mutaxassisligi bo‘yicha mustaqil ravishda ishga joylashayotgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari;
5) o‘zi bilan olti oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar;
6) o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar;
7) ishga qaytadan qabul qilingan taqdirda ish beruvchi ilgari qaysi xodimlar bilan mehnat shartnomasini alohida asoslar bo‘yicha bekor qilgan bo‘lsa, o‘sha shaxslar;
8) ishlab chiqarishda o‘qitish shartnomasi bo‘yicha ushbu ish beruvchida o‘qishni o‘tagan o‘quvchilar;
9) jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida va ish beruvchining ichki hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa xodimlar.
Shu bilan birga, dastlabki sinov faqat xodimni ishga qabul qilish chog‘ida belgilanishi mumkin. Xodim boshqa ishga o‘tkazilayotganda va boshqa ish beruvchiga xizmat safariga yuborilganda dastlabki sinov belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Vazirlikning sho‘ba boshlig‘i E.Gayipov