Янгиликлар
28
Konstitutsiyada fuqarolarning burchlari va ekologik huquqlar
Mamlakatimiz Asosiy Qonunining yangi tahriri bevosita umumxalq referendumida — to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan qabul qilindi. Shu ma’noda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining haqiqiy muallifi xalqning o‘zidir.
Konstitutsiyaning XI bobi, 59-moddasidan 64-moddasigacha fuqarolarning burchlari belgilangan bo‘lib, mazkur burchlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi.
Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan burchlarini bajaradilar.
Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar.
Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart.
Tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar.
Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi shart.
Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak.
O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar.
Shu bilan birga, Konstitutsiyaning IX bobi 49-moddasiga asosan Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.
Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘radi.
,
Vazirlikning sho‘ba bosh maslahatchisi D.Xabibullayeva