Янгиликлар
28
Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning dublikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 21.07.2022 yildagi 395-son Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning dublikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning Mamuriy Reglamenti tasdiqlangan bolib Mazkur Reglament jismoniy shaxs (keyingi o‘rinlarda — ariza beruvchi)ga davlat xizmatlari markazlari va O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) orqali davlat namunasidagi ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni beruvchi O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yurituvchi davlat va nodavlat oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar va professional ta’lim muassasalari (keyingi o‘rinlarda — ta’lim tashkiloti)ni tamomlagan, ma’lumotini tasdiqlovchi hujjati (diplom, sertifikat) yo‘qolgan yoki foydalanish uchun o‘zining asl holatini yo‘qotgan, familiyasi, ismi, otasining ismi o‘zgargan taqdirda, dublikat berish bo‘yicha davlat xizmati (keyingi o‘rinlarda — davlat xizmati) ko‘rsatish tartibini belgilaydi. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan murojaat etadi yoki YIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan so‘rovnomani elektron tarzda to‘ldiradi. Ariza beruvchi so‘rovnomani YIDXP orqali to‘ldirilganda, undan elektron raqamli imzo talab etilmaydi. Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi va yig‘im to‘langanligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
Bunda davlat xizmatidan foydalanish uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, to‘lov summasining 90 foizi miqdoridagi mablag‘ undiriladi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun yig‘imni to‘lamaslik davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Agar so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, ularni bartaraf etish uchun ariza beruvchiga besh ish kunidan iborat muddat beriladi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi xabar ariza beruvchiga bir ish kuni ichida yuborilishi lozim. Davlat xizmati ko‘rsatilishi muddatining o‘tishi kamchiliklarni bartaraf etish vaqtida to‘xtatib turiladi. Belgilangan muddatda kamchiliklar bartaraf etilmaganligi davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi. Davlat xizmatlari ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi. Ariza beruvchilar davlat xizmatlaridan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda, uning so‘rovnomasi ko‘rmasdan qoldiriladi. Bunda to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning so‘rovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng so‘rovnoma 10 daqiqa mobaynida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa — so‘rovnoma avtomatik tarzda tegishliligi bo‘yicha vakolatli organga yuboriladi. Vakolatli organ so‘rovnoma tushgan vaqtdan boshlab o‘n ish kuni mobaynida tegishli ta’lim muassasalari hamda Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari tomonidan tasdiqlangan hujjatlar asosida oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim to‘g‘risidagi hujjat dublikatini o‘z imzosi va muhri bilan rasmiylashtiradi hamda bu haqida ariza beruvchini axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Ariza beruvchi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat dublikatini vakolatli organdan olib ketadi.
Ariza beruvchining xohishiga ko‘ra, ta’lim to‘g‘risidagi hujjat dublikati vakolatli organ tomonidan pochta xizmati orqali yuborilishi mumkin.
Bunda vakolatli organ davlat xizmati natijasi tayyor bo‘lganligi haqida “O‘zbekiston pochtasi” AJni elektron tizim orqali xabardor qilgandan so‘ng “O‘zbekiston pochtasi” AJ ta’lim to‘g‘risidagi hujjat dublikatini vakolatli organ manzilidan ariza beruvchining manziliga besh ish kuni mobaynida yetkazib beradi.
Nukus shahar adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi
yetakchi mutaxassisi R.Dauletova