Янгиликлар
25
Tomorqa yerlari va dehqon xo‘jaliklari uchun yangi imkoniyatlar: Prezident Farmoni amalda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025-yil 14-fevral kuni “Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-22-son Farmoni imzolandi. Ushbu farmon mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sektorida yangi davrni boshlab beradi.
Farmonga muvofiq, tomorqa yerlari va dehqon xo‘jaliklarining yer maydonlaridan yanada samarali foydalanish, sohani zamonaviy boshqaruv tizimi asosida rivojlantirish hamda mahallalarning ixtisoslashuviga qarab eksportbop va yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish qo‘llab-quvvatlanadi. Shu maqsadda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi O‘zbekiston fermerlari kengashi deb qayta nomlandi.
Shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlarini rivojlantirish bilan bog‘liq qo‘shimcha vazifalarni o‘z zimmasiga oldi.
Farmonga ko‘ra, quyidagi muhim chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
Yer maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish – tomorqa va dehqon xo‘jaliklaridagi yer maydonlarining to‘liq hisobini yuritish, "Online mahalla" platformasida batafsil ma’lumotlar bazasini yaratish.
Yuqori daromadli mahsulot yetishtirish – har bir hududning tabiiy sharoitlarini hisobga olib, innovatsion va ekologik toza yondashuvlar orqali mahsulot yetishtirishni rag‘batlantirish.
Suv ta’minotini yaxshilash – sug‘orish tizimlarini takomillashtirish, yetakchi eksportchi tadbirkorlarni jalb etish orqali yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish.
Tadbirkorlikni rivojlantirish – aholining tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish, bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.
Innovatsion texnologiyalarni joriy qilish – energiya tejamkor issiqxonalar qurish, intensiv bog‘lar barpo etish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalaridan foydalanish.
Prezident farmoni asosida O‘zbekiston fermerlari kengashi huzurida Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzurida Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Ushbu jamg‘armalar quyidagi moliyaviy imtiyozlarni taqdim etadi:
Eng namunali loyiha uchun grantlar – har yili 500 ta mahallada eng innovatsion tomorqa loyihasiga 100 BHMgacha grant ajratiladi.
Usta dehqonlar uchun subsidiya – qisqa muddatli o‘quv kurslari uchun 15 BHMgacha subsidiya.
Eksportbop mahsulot yetishtirish bo‘yicha mukofot – 50% xonadonlarda eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga erishgan dehqonlarga 100 million so‘mgacha subsidiya.
Qulay kreditlar – tomorqa va dehqon xo‘jaliklariga 7 yilgacha imtiyozli davr bilan kreditlar ajratiladi.
Texnika va asbob-uskunalar lizingi – muzlatkichli omborxonalar, qadoqlash va quritish uskunalari 5 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi.
Farmon asosida yer maydonlaridan foydalanish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi. Har chorakda hokim yordamchilari tomonidan monitoring olib boriladi. Agar ekin ekilmagan yoki yer qarovsiz qoldirilgan bo‘lsa, quyidagi choralar ko‘riladi:
Davlat dasturlari doirasidagi imtiyozli kreditlar berilmaydi.
Ijtimoiy himoya imtiyozlari to‘xtatiladi.
Yer solig‘i uch baravar oshiriladi.
Ushbu farmon qishloq xo‘jaligi sohasini tubdan isloh qilish, tomorqa va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini tizimli ravishda rivojlantirishga qaratilgan muhim hujjatdir. Endilikda tomorqa yer egalari va dehqonlar zamonaviy yondashuvlar asosida yuqori daromadli faoliyat yuritishlari, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan moliyaviy va tashkiliy ko‘makdan samarali foydalanishlari mumkin.
Bu islohotlar natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti kengayadi, aholining bandligi oshadi va mamlakatimiz agrar sektori yangi bosqichga ko‘tariladi.
Chimboy tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi R.Toreniyazov