Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

BIZNES UCHUN STАTISTIKА HISOBOTLАRI HАJMI KАMАYADI


Prezidentimizning 24.02.2025 yildagi "Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-27-son Farmoni va "O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-75-son Qarori qabul qilindi.

Statistika ishlari samaradorligini yanada oshirishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilandi:
• makroiqtisodiyot va tarmoqlar darajasida statistik kuzatuv o‘tkazish tizimini hamda ularning metodologiyasini xalqaro standart va tavsiyalarga muvofiq takomillashtirib borish;
• integratsiya jarayonlarini kengaytirish orqali statistik hisobotlarni qisqartirish va biznesga hisobot topshirish yukini kamaytirib borish;
• "Mahalladan - respublikagacha" tamoyili bo‘yicha statistika ko‘rsatkichlarini shakllantirish tizimini yaratish orqali maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlash;
• xorijiy statistika organlari hamda sohaga oid xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, ular yordamida kadrlar salohiyatini oshirish;
• aholi, tadbirkorlik subʼektlari va davlat organlari ehtiyojidan kelib chiqib yangi statistik mahsulot va xizmatlarni joriy etish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etildi.

Respublika statistika kengashi tashkil etildi va uning tarkibi tasdiqlandi. U rasmiy statistikani yuritish tizimini rivojlantirish, muvofiqlashtirish va faoliyat ko‘rsatishiga oid masalalar bo‘yicha kollegial maslahat organi hisoblanadi.

Shuningdek, Farmon bilan quyidagilar tasdiqlandi:
• Milliy statistika qo‘mitasi hamda vazirlik va idoralarning axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish bo‘yicha "yo‘l xaritasi";
• Milliy statistika qo‘mitasi hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi.
Biznes uchun hisobot yukini kamaytirish
2025 yil yakuni bo‘yicha hisobot davridan boshlab quyidagilar nazarda tutiladi:
• xodimlar soni yillik o‘rtacha 5 kishidan kam bo‘lgan va (yoki) yillik tushumi BHMning 2 000 barobarigacha bo‘lgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yillik statistika hisobotini topshirish majburiyatini bekor qilib, har uch yilda bir marotaba statistik hisobot topshirilishini belgilash (bundan davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalar, dasturlarga kiritilgan va aktsiz solig‘i to‘lovchi subʼektlar mustasno);
• Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan mazkur mikrofirma va kichik korxonalar faoliyati bo‘yicha maʼlumotlarni Soliq qo‘mitasining axborot tizimidan olib, statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish;
• etishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlarini shakllantirishda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Kadastr agentligi hamda tegishli davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va maʼmuriy maʼlumotlaridan foydalanish.
Statistika maʼlumotlaridan foydalanish samaradorligini oshirish
2026 yil 1 yanvardan boshlab statistika organlarida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda quyidagi interaktiv xizmat turlari joriy etilishi rejalashtirilmoqda:
• hisobotlarni topshirishda korxona va tashkilotlarga maslahat beruvchi "Maslahatchi" interaktiv xizmati;
• foydalanuvchilarga statistika maʼlumotlarini tez izlab topishga ko‘maklashuvchi "Tahlilchi" konsulьtativ xizmati;
• statistik kuzatuvlarni telefon yordamida o‘tkazish imkonini beruvchi "Call-markaz" faoliyati.
Milliy statistika tizimini transformatsiya qilish
Milliy statistika qo‘mitasi tuzilmasida "Milliy statistika tizimini transformatsiya qilish" ofisi tashkil etiladi. U quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda yangi mexanizmlarni joriy qilishga masʼul etib belgilanadi:
• ichki va tashqi foydalanuvchilar uchun zarur bo‘lgan statistika maʼlumotlarini, shu jumladan, aholi daromadlari va ularning manbalarini baholash uslubiyotini takomillashtirish;
• mikro darajada kuzatuvlarni amalga oshirish va statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish uslubiyotini ishlab chiqish;
• Milliy statistika qo‘mitasi bilan rasmiy statistikani tayyorlovchi boshqa davlat organlari o‘rtasida samarali hamkorlik va uslubiy muvofiqlashtirishni yo‘lga qo‘yish;
• statistika maʼlumotlaridan foydalanuvchilar bilan samarali qayta aloqani joriy etish;
• sohada faoliyat yuritayotgan ilmiy muassasalar, tadqiqotchilar hamda nufuzli xalqaro konsalting tashkilotlari bilan statistika ishlarini tashkil etish va yuritish bo‘yicha samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
• xalqaro tashkilotlar ishtirokida statistika organlari xodimlarining salohiyatini oshirish ishlarini tashkil etish;
• statistika sohasini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etish.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
• O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi;
• O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom;
• Respublika statistika kengashi to‘g‘risidagi nizom;
• Rasmiy statistika sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi".

Qonliko‘l tuman adliya bo‘limi
Davlat xizmatlar markazi
bosh mutaxassisi I.Djumanazarov