Янгиликлар
25
Chet el fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlash huquqini beradigan guvohnomalarni berish (uzaytirish) tartibi qanday?
Bugungi kunda dunyo bo`ylab raqamli texnologiya va ular orqali xizmat ko`rsatish jadal rivojlanib bormoqda. Aynan shu turdagi xizmatning rivojlanishi eng avvalo, inson omilini kamaytirish orqali shaxsga nisbatan yuklamani yengillatsa, ikkinchi tomondan turli korrupsion holatlarning oldini olishda qo`l kelmoqda.
Bunday amaliyot O`zbekiston Respublikasida ham joriy etilib, qator sohalarda ilg‘or tajribalar qo`llanilib kelinadi. Xususan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ko`rsatilib kelinayotgan xizmatlar bunga yaqqol misol bo`la oladi. Hozirda xizmatlar soni kun sayin ortib bormoqda.
Misol tariqasida 2022-yil 22-fevraldagi “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat berish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to`g‘risidagi yagona Nizomni tasdiqlash haqida”gi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorini keltirish mumkin. Unda ruxsat berish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish orqali normativ-huquqiy hujjatlar sonini qisqartirish hamda axborot tizimlaridan foydalangan holda ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tishning yagona tartibini belgilangan.
Ya’ni, mazkur Nizom ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni «Litsenziya» axborot tizimi orqali berish, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat egalarining faoliyatini nazorat qilish va ularning hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
Bunday hujjatlar «Litsenziya» axborot tizimi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi.
Quyidagilar ruxsat berishga oid talablar va shartlar hisoblanadi:
-ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish, qayta rasmiylashtirish va muddatini uzaytirish uchun taqdim etiladigan ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash;
-amaldagi mehnat shartnomalari to‘g‘risidagi axborotni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish — tegishli faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish uchun xodimlarga nisbatan talab mavjud bo‘lgan taqdirda;
yuridik shaxs bo‘lgan talabgorning nomi, yuridik manzili o‘zgarganligi ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng yoki filial va vakolatxona ochilgandan so‘ng vakolatli organga o‘n ish kuni ichida “Litsenziya” AT yoki YaIDXPdagi shaxsiy kabineti orqali murojaat qilish;
jismoniy shaxs bo‘lgan talabgorning unga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqida berilgan guvohnomada ko‘rsatilgan familiyasi, ismi, otasining ismi yoki faoliyat ko‘rsatadigan joyi o‘zgargan taqdirda, tadbirkorlik sub’ekti qayta ro‘yxatdan o‘tgandan keyin besh ish kunida “Litsenziya” AT yoki YaIDXP orqali murojaat qilishi shart.
Bunda talabgor yoki uning nomidan ish yuritish vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar elektron raqamli imzosidan (keyingi o‘rinlarda — ERI) foydalangan holda (talabgor — jismoniy shaxslar uchun ERI o‘rniga Mobil-ID tizimidan ham foydalanish mumkin) ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun “Litsenziya” AT yoki YaIDXP orqali ariza yuboradi.
Pasportlarda arizaga ayrim hujjatlar ilova qilinishi lozimligi ko‘rsatilishi mumkin. Ilova qilinadigan hujjatlar PDF, PNG yoki JPEG formatda bo‘lishi kerak.
Arizani ko‘rib chiqish uchun belgilangan miqdorda yig‘im undiriladi. Lekin, ayrim faoliyat turlari bo‘yicha arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmasligi nazarda tutilgan. Yig‘im to‘langanligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishi belgilangan talab va shartlar talabgor tomonidan buzilganligi aniqlanganda, qoidabuzarlikni baratarf etish majburiyatini yuklovchi qarori bajarilmaganda to`xtatib turilishi mumkin.
Bunday to`xtatib turish vakolatli organ tomonidan o‘n ish kunigacha, o‘n ish kunidan ortiq, lekin olti oygacha bo‘lgan muddatda sud tartibida amalga oshiriladi.
Belgilangan muddat ichida ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan sabab va kamchiliklar bartaraf qilinmasa, vakolatli organ ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to‘xtatib turish muddatini uzaytirish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritishi lozim.
Beruniy tumani adliya bo‘limi Davlat
xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i A.Allanazarov