Янгиликлар
25
Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi
Joriy yilning 14-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-103-son Qarori qabul qilindi.
Mazkur Qaror bilan 2025-yilda 2 million nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, 250 ming nafar xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, 250 ming nafar xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish, 50 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish hamda ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkil etish bo‘yicha xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.
Shuningdek, Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika komissiyasi har yili “Ayollar daftari”ga kiritilgan va ehtiyojmand xotin-qizlarning 50 ming nafarini Toshkent viloyatidagi dam olish maskanlariga yuborib, ularga psixologik yordam ko‘rsatish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkil etiladi.
Qaror bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda aholining uy-joyga ehtiyoji bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qismini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish belgilandi.
Yana bir yangiliklardan biri Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida raqamlashtirish, kasbiy ta’lim sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish hamda innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha vazir maslahatchisi lavozimi joriy qilinadigan bo`ldi.
Bularning barchasi mamlakatimizda xotin-qizlarga ko`rsatilayotgan e’tibor, ularning jamiyat hayotida o‘z o‘rinlarini topishlari uchun yaratilayotgan yana bir sa’y harakatlarning yorqin ifodasi ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Beruniy tumani adliya bo‘limi
bosh maslahatchisi, 2-darajali yurist Sh.Ismailov