Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘atganlik uchun javobgarlik


Har bir davlat o‘z fuqarolarining tinch-totuv yashashini ta’minlash uchun turli huquqiy chora-tadbirlar belgilaydi. O‘zbekiston Respublikasida ham millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni saqlash maqsadida qonunchilikda aniq tartiblar belgilangan. Qonunchiligimizda millatlararo, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘atish man etiladi, bunday harakatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 156-moddasiga ko‘ra, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, shuningdek, milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy sha’n-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, diniy e’tiqodiga yoki daxriyligiga qarab, fuqarolarning his-tuyg‘ularini haqoratlashga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar, shuningdek milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, fuqarolarning ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilish, xuddi shuningdek milliy, irqiy, etnik mansubligiga yoki dinga munosabatiga qarab, fuqarolarning huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash yoxud ularga bevosita yoki bilvosita afzalliklar berish jinoyat hisoblanadi hamda bunday xatti-harakatlar sodir qilgan shaxsga nisbatan 1 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Bunday harakatlar jamiyatda nizo keltirib chiqarishi, aholi orasida beqarorlikka sabab bo‘lishi va mamlakatning barqarorligiga tahdid solishi mumkin. Shunday ekan, har bir fuqaro turli millat va din vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, ijtimoiy tarmoqlarda yoki jamoat joylarida adovat uyg‘otuvchi xatti-harakatlardan tiyilishi lozim.
Bugungi kunda global axborot maydonida turli millatlar va diniy e’tiqod vakillarining huquqlarini hurmat qilish tamoyillari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, har bir fuqaro internet va ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan ma’lumotlarga hushyorlik bilan yondashishi, adovat qo‘zg‘atuvchi materiallardan tiyilishi va huquqiy ongni oshirishga e’tibor qaratishi lozim.
Zero, mamlakatimiz tinchligi va rivoji uchun barchamiz mas'ulmiz. Har bir fuqaro jamiyat barqarorligini saqlashda o‘z hissasini qo‘shishi, millatlararo va diniy bag‘rikenglikni targ‘ib qilishi zarur. Faqatgina o‘zaro hurmat va hamjihatlik orqali biz mustahkam va farovon kelajak sari intila olamiz.

 Beruniy tumani adliya
bo‘limi boshlig‘i  S.Raimbekova