Янгиликлар
11
Bola puli va kam ta’minlangan oilalarga nafaqalar to‘lash tartibi qanday?
Bugungi kunda mamlakatimizda aholining yordamga muhtoj bo’lgan qatlamini qo’llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilmoqda. Ushbu maqsadda ularga turli xil moddiy ko’maklar berilib, ularning turmush tarzini yaxshilash uchun harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ijtimoiy munosabatlar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-avgustdagi PF-6277-son farmoni bilan tartibga solingan.
Bolani parvarish qilish nafaqasi – oilalarga bola 2 yoshga to’lgunicha ularni parvarish qilish uchun beriladi.
Bolalar nafaqasi (xalq tilida «bola puli») – bola parvarishi nafaqasi o’rniga kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun beriladigan nafaqa.
Kam ta’minlangan oila – oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmagan oila.
Moddiy yordam – bolalari yo’q yoki barcha bolalari 18 yoshdan katta bo‘lgan oilalarga va yolg‘iz fuqarolarga to‘lanadi. U 6 oy muddatga tayinlanadi.
Bolalar nafaqasini tayinlashda nimalarga e’tibor beriladi?
• Oiladagi 14 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan bolalar;
• Bolalar soni;
• Oilaning kam ta’minlangan deb e’tirof etilishi.
Nafaqa 6 oydan 12 oygacha tayinlanishi mumkin. Lekin, agarda oilaning eng kichik yoxud yagona bolasi 18 yoshga to‘lgan bo‘lsa, nafaqa oyning oxirigacha to‘lanadi.
Masalan, sizning eng kichik farzandingiz noyabr oyida 18 yoshga to’ladi. Siz esa ushbu farzand uchun bola nafaqasini olayapsiz. Uning to’lanishi noyabr oyida bolangizning 18 ga kirishi bilan to’xtatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-son qaroriga muvofiq, oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan jami 1 oylik o‘rtacha daromad miqdori minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmasa, oila kam ta’minlangan deb e’tirof etiladi. Ya’ni, oilangizning rasmiy daromadi oila a’zolaringiz soniga bo‘linganida kishi boshiga 669 ming so‘mdan oshmasa, demak oilangiz kam ta’minlangan oila hisoblanadi.
2025-yil 4-fevraldan boshlab hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 669 ming so‘mni tashkil etdi.
Oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadni hisoblab chiqishning misoli:
Masalan: 4 kishidan iborat oilaning a’zosi moddiy yordam olish uchun 2023-yil dekabr oyida murojaat etgan. Uning daromadlari avgust — oktyabr oylari uchun hisoblanadi. Oila a’zolarining barcha daromadlari yig‘indisi (normativ daromadlarni hisobga olgan holda) 7 650 000 so‘mni tashkil etadi. Oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadi quyidagini tashkil etadi: 7 650 000 so‘m / 4 kishi / 3 oy — 637 500 so‘m. Bu oilaning har bir a’zosiga 637 500 so‘mdan to‘g‘ri kelyapti. Bu esa belgilangan minimal iste’mol xarajati miqdori 669 000 so‘mdan kam degani.
Eslatma! Bir oylik o‘rtacha jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda oila a’zolarining quyidagi nogironlik nafaqasi va pensiyalari rasmiy daromad sifatida hisoblanadi:
• 18 yoshdan katta bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa;
• nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalar va OIV infeksiyasiga chalingan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga nafaqa;
• o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning qonuniy vakiliga to‘lanadigan parvarishlash nafaqasi;
• nogironlik bo‘yicha nafaqa;
• nogironlik bo‘yicha nafaqa summasi doirasidagi nogironlik pensiyasi (nogironlik pensiya miqdoridan zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori chegirib tashlanadi);
• O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-sonli qarorining 23-moddasida ko‘rsatilgan boshqa turdagi nafaqa va pensiyalar.
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish, ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash va to‘lash to‘g‘risidagi qarorlar “Yagona reyestr” ATda shakllantiriladi va qabul qilinadi.
Bolalar nafaqasining miqdori qancha?
Bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
• 375 000 so‘m — yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar kichik farzand uchun;
• 250 000 so‘m — 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun;
• 2000 000 so‘m — oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha;
• 100 000 so‘mdan — oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun.
Kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 380 000 so‘m
Arizani qanday topshirsa bo‘ladi?
Yuqoridagi yordamni olish uchun shaxslar o’zining doimiy yoki vaqtincha yashash hududidagi mahalla fuqarolar yig’iniga murojaat qilshi kerak. Siz ularga arizani yozma shaklda olib borishingiz kerak.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
• Ariza beruvchi va oila a’zolarining pasporti yoki ID-kartalari;
• Vasiylik va homiylik organi qarorining nusxasi. (Agarda bola vasiylik ostida bo’lsa);
• Oilaning mavjud uy hayvonlari, transportlari haqida ma’lumot. Agarda ushbu vositalar uning nomiga rasmiylashtirilmagan bo’lsa, unda belgilangan tartibdagi ma’lumotnoma to’ldiriladi.
• Ariza beruvchi yoki oila a’zolari nomiga so’nggi 3 oy ichida o’tkazilgan pul mablag’lari, hisobvaraq qoldiqlari haqida ma’lumotnoma.
2024-yil may oyidan boshlab Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga onlayn ariza berish imkoniyati paydo bo‘ldi. Onlayn arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali berish mumkin va bu xizmatdan foydalanish bepul.
Talabgorlar ushbu onlayn xizmatdan foydalanish uchun:
my.gov.uz da ro‘yxatdan o‘tishi va ushbu xizmatdan elektron so’rovnomani to’ldirib ariza yuboradi.
Ariza “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan o‘rganib chiqiladi. Bunda ariza beruvchi oilasining har bir aʼzosiga to‘g‘ri keladigan daromad miqdori aniqlanadi va belgilangan mezonlarga mosligi solishtiriladi.
Shundan so‘ng, ijtimoiy nafaqani tayinlash yoki tayinlashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Ariza javobi my.gov.uz orqali yuboriladi. Mazkur xizmat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan koʻrsatiladi.
Qanday holatlarda bola puli va moddiy yordam rad etilishi mumkin?
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va unga tegishli ravishda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlashni rad etish holatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-sonli qarorining 4-bob “Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun arizalarni ko‘rib chiqish tartibi”, 20-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan.
Bunda, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oila a’zolari quyidagi holatlarga e’tibor berishlari kerak.
Oila a’zosi I yoki II guruh va 18 yoshgacha bolalikdan nogiron bo‘lsa:
7 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yengil avtotransport vositasi o‘z nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa,
ariza beruvchi yoki uning oila a’zolari foydalanuvida bo‘lgan,
yoxud ishonchnomaga asosan quyidagilar mavjud bo‘lganda rad etilishi mumkin.
Ellikqal’a tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari
markazi bo‘lim boshlig‘i: A.Ababekov