Янгиликлар
12
AYOL VA JAMIYAT
Har qanday davlat va jamiyat taraqqiyoti bir qator omillar asosida yuz beradi. Bu jarayonda ayollar, ularning ijtimoiy-siyosiy munosabatlardagi ishtiroki, huquq va erkinliklari amalda ta'minlanganligi masalasi davlatlar rivojining hamda demokratiyaning muhim indeksi sanaladi. Zotan, ayol va uning jamiyat hayotidagi o‘rni hamisha muhim mezon bo‘lib kelgan.
Har qanday ijtimoiy tuzilma asosida ayollarning reproduktiv imkoniyatlari bilan bir qatorda yangi avlodning shakllanishi va rivojlanishida ham ularning o‘rni beqiyos. Jamiyatda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta'minlashning asosiy printsiplari mavjud bo‘lib, bular qonuniylik, demokratizm, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi, jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi, ochiqlik va shaffoflikdir.
Dunyo mamlakatlari qatorida va xalqaro hamjamiyatda munosib o‘ringa ega bo‘lgan O‘zbekistonning davlat va jamiyat sifatidagi taraqqiyoti silsilasida ayolning o‘rni, uning siyosiy va huquqiy madaniyati alohida ahamiyat kasb etadi.
Bugungi globallashuv jarayonida yangi avlodning har qanday sharoitga nisbatan faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish masalasida xotin-qizlarning o‘rni va roli har qachongidanda muhim. Shu bois islohotlarning asosiy mazmuni ham xotin-qizlarning yangi g'oya va tashabbuslar bilan chiqishlarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar, o‘zgarishlar va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda ularning faol ishtirok etishlarini ta'minlashdan iborat. Zero, inson qadrini ulug'lash, avvalo, ayolga hurmat va ehtirom, mo‘'tabar onalarimizni e'zozlash, munis opa-singillarimizni qadrlash orqali ro‘yobga chiqadi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Ta'kidlash joiz bugungi kunda Yurtboshimiz boshchiligida Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish sari dadil qadamlar qo‘ymoqdamiz. Binobarin, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ayollarning baxti asosiga qurilmoqda, desak adashmagan bo‘lamiz.
Sir emaski, yangi Uyg'onish davri, avvalo, ilm-fanning taraqqiyotiga, milliy ma'naviyatning mustahkamligiga bog'liqdir. Mazkur o‘tkir haqiqatni chuqur his qilgan holda xotin-qizlarning ta'limi va ilm-fan bilan shug'ullanishlari uchun davlatimiz tomonidan yangi imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Jamiyatda ayollarni ilm-fanga ruhlantirish maqsadida yangi mexanizm «Olima ayollar jamiyati» tuzilgani hamda uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yanada rag'batlantirish uchun Davlat byudjetidan 50 milliard so‘m ajratilgani barcha xotin-qizlarning ko‘nglida jamiyatning eng faol qatlami «olima ayol» bo‘lishga intilishlarini yanada kuchaytirishi ayni haqiqat.
Hech shubhasiz, ayollarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini to‘laqonli ta'minlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy hamda huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlar yurtimizda gender tenglikni va teng huquqlilikni ta'minlashdagi ijtimoiy adolat namunasidir.
Bir so‘z bilan aytganda, ayollarning taqdiri, buguni va kelajagi uchun davlat siyosati darajasidagi yuksak e'tiborning ifodasi bo‘lgan bunday sharoitlar va imtiyozlar mamlakatimiz tarixida hali bo‘lmagan. Bugun opa-singillarimiz qalbida jo‘sh urayotgan shukronalik va yurtdan, Yurtboshidan minnatdorlik hissi amaliy faoliyatimizga ko‘chib, har bir sohada yuksak natijalarga erishishga ruhlantirmoqda.
Ayollarga e'tibor chinakam davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi: uning huquqiy va institutsional asoslari tubdan takomillashtirildi.
Mamlakatimizda gender tenglikni ta'minlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish faoliyati: ayollar huquqlari to‘g'risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish; ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini takomillashtirish; aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g'risida xabardorligini oshirish; huquqni qo‘llash amaliyotida ularga rioya etilishini ta'minlash uchun mas'ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy me'yorlar asosida o‘qitish kabi asosiy yo‘nalishlardan iborat.
Mamlakatimizda ayol qadrini yuksaltirish borasida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar, albatta, bu borada huquqiy asoslar yaratilganligi va muntazam takomillashtirib borilayotganligi bilan hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida «Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar» deb belgilanganligi mamlakatimizda gender tenglikni ta'minlash, xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi rolini oshirish borasidagi tizimli islohotlar uchun bosh huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
E'tirof etish kerak, so‘nggi yillarda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlash, ularning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, oila institutini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish ishlari yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. O‘zbekiston xotin-qizlarni har qanday kamsitish va tahqirlashlardan himoya qiladigan barcha asosiy xalqaro hujjatlarga qo‘shildi. Bunda «Onalikni muhofaza qilish to‘g'risida»gi Jeneva Konventsiyasi, «Xotin-qizlarning siyosiy huquqlari to‘g'risida»gi hamda «Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g'risida»gi New York Konventsiyalari, «Birlashgan Millatlar Tashkilotining transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi Konventsiyasini to‘ldiruvchi odam savdosining, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqidagi» Bayonnomasi kabi xalqaro hujjatlarni misol qilib keltirish mumkin.
Yurtimizda «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g'risida» «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g'risida», «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g'risida»gi qonunlar qabul qilindi.
Shuningdek, qonun hujjatlarining majburiy gender-huquqiy ekspertizasi joriy qilindi.
Ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalalarida davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan 30 dan ortiq farmon va qarorlar hamda hukumat qarorlari qabul qilinganligini qayd etib o‘tish joiz. Birgina joriy yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g'risida»gi, «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g'risida»gi farmonlari hamda «Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g'risida»gi qarori qabul qilindi.
Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar quyidagi ijobiy jihatlari bilan alohida ahamiyatga ega: birinchidan, oila va xotin-qizlar bilan professional tarzda ishlashga ixtisoslashtirilgan yangi davlat organi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil etildi; ikkinchidan, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi; uchinchidan, xotin-qizlar bilan ishlashning yangi mexanizmi mahallalarda xotin-qizlar bilan maqsadli va manzilli tartibda ishlash amaliyoti belgilab berildi; to‘rtinchidan, xotin-qizlar huquqlarini ta'minlash hamda ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida yangi huquqiy mexanizmlar prokuratura organlarining ushbu sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorati joriy etildi; beshinchidan, xotin-qizlarga ta'lim olishlari, ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug'ullanishlari uchun davlatning yangi kafolatlar va imtiyozlar paketi joriy etildi; oltinchidan, xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib turmush kechirishlariga ko‘maklashishni nazarda tutuvchi amaldagi mexanizmlar takomillashtirildi; yettinchidan, xotin-qizlarning sog'lig'ini saqlash, xotin-qizlarga xos bo‘lgan kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish onalikni muhofaza qilishga qaratilgan yangi tizim joriy etildi; sakkizinchidan, xotin-qizlar bilan muloqot qilishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda va muloqotning yangi, samarali platformalariga asos solindi.
«Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g'risida»gi Farmon bilan 2022–2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur hamda Milliy dasturni 2022–2023 yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Amudaryo tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi
bosh mutaxassisi N.Madiyorova