Янгиликлар
06
Tashqi siyosatning konstitutsiyaviy asoslari
Tashqi siyosat yuritish davlatning muhim vazifasi
Har qanday davlatning ichki va tashqi funksiyasi mavjud bo‘lib, bu masala keng ravishda “Davlat va huquq nazariyasi” fanida o‘rganiladi.
Davlatning tashqi funksiyasi, o‘z navbatida, tashqi siyosat olib borish zaruratini vujudga keltiradi. Ayniqsa, hozirgi “globallashuv” davrida to‘g‘ri tashqi siyosat olib borish davlatning o‘ta muhim vazifasi bo‘lib qolmoqda.
Har qanday davlatning tashqi siyosati, mamlakat xavfsizligini ta’minlash, xalq farovonligiga erishish, jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini topishiga qaratilgandir.
Tashqi siyosat harbiy, iqtisodiy, madaniy aloqalarni vujudga keltiradi va mamlakat manfaatiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, dunyodan ajralib emas, dunyodagi barcha mamlakatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilish, jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini topishiga qaratilgan tashqi siyosat olib bormoqda.
O‘zbekistonning tashqi siyosati o‘zaro hurmat, manfaatlar muvozanatiga asoslanadi.
Yuqorida tilga olingan tashqi siyosatning asosiy vazifasi milliy xavfsizlikni, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun jahondagi imkoniyatlardan foydalanish, xorijiy mamlakatlarda qulay bozorlar topish hisoblanadi.
Bu maqsadda (mudofaa maqsadida) O‘zbekiston о‘z Qurolli Kuchlarini shakllantirdi. Ularni zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan ta‘minladi. Bu borada boshqa davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
Tashqi siyosat natijasida chet el investitsiyalarining O‘zbekistonga kelishi uchun imkoniyat va sharoitlar yaratildi. Ко‘plab xorij davlatlarning korxona va tashkilotlari bilan qo‘shma korxonalar tashkil qilindi va bu ish davom etmoqda.
O‘zbekistonning tashqi siyosati insonparvarlikka asoslangan. Uning natijasida mamlakatimiz turli tabiiy ofatlarga uchragan davlatlarga iqtisodiy yordam berish ishlarini amalga oshirdi.
O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi eng asosiy masala qo‘shni davlatlar bilan tinch-totuv yashash, keng hamkorlik qilish hisoblanadi. Lekin bu O‘zbekistonning uzoqda joylashgan mamlakatlar bilan aloqasiga to‘sqinlik qilmaydi. Hozirgi kunda O‘zbekiston dunyoning barcha joylarida, Afrika, Amerika, Yevropada joylashgan davlat bilan o‘zaro manfaatdorlikda hamkorlik qilmoqda.
O‘zbekistonning tashqi siyosatini belgilashda, yuritishda Oliy Majlis va Prezident tegishli vakolatlarga ega. Masalan: Oliy Majlis Konstitutsiyaning 78-moddasining tegishli bandlariga binoan, tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi hamda davlat strategik dasturlarini qabul qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashqi siyosat sohasida quyidagi vazifa va vakolatlarga ega: O‘zbekistonning suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza etishga doir choralarni ko‘radi; xalqaro muzokaralar olib boradi, shartnoma, bitimlarni imzolaydi, ular asosidagi majburiyatlarning bajarilishini ta‘minlaydi; diplomat va boshqa chet el vakillaridan ishonch yorliqlarini qabul qiladi; diplomat va boshqa vakillarni tayinlash uchun Senatga taqdim etadi; tashqi siyosatning eng muhim masalalari yuzasidan Oliy Majlisga ma‘ruza taqdim etadi; tashqaridan hujum yoki tajovuz bo‘lganda yoki mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatidan kelib chiqib, zarurat bo‘lsa, urush holati e‘lon qiladi.
Tashqi siyosatda Vazirlar Mahkamasi ham ishtirok etib, Konstitutsiyaning 98-moddasiga asosan, Prezidentning topshirig‘iga binoan Bosh vazir xalqaro munosabatlarda Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi.
Tashqi davlat siyosatini yo‘lga qo‘yish va olib borishda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi muhim rol o‘ynaydi.
Xo‘jayli tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlar markazi
yetakchi mutaxassisi A.Shlimbetov