Янгиликлар
07
Oilada mulk huquqi
Mulk huquqi –moddiy neʼmatlarning aniq bir shaxslarga tegishliligi (oʻzlashtirilganligi)ni mustahkamlovchi, tartibga soluvchi va muhofaza qiluvchi normalar yigʻindisi, fuqarolik huquqining asosiy tartibotlaridan biri.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga koʻra, mulk huquqi shaxsning oʻziga qarashli mol-mulkka oʻz xohishi bilan va oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek, oʻzining Mulk huquqini, kim tomonidan boʻlmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iborat. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 36-moddasiga binoan, „har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqli“.
Oʻzbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 90-moddasiga asosan; Ota-ona hayotligida bolalar ularning mol-mulkiga nisbatan mulkdor boʻlish huquqiga ega emas.
Ota-ona ham voyaga yetmagan bolalarning mol-mulkiga nisbatan mulkdor boʻlish huquqiga ega emas.
Ota-ona va bolalarning ular oʻrtasidagi umumiy mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi bilan belgilanadi.
Voyaga yetmagan bolalar oʻz ota-onasidan va boshqa shaxslardan qonunda nazarda tutilgan miqdorda va tartibda taʼminot olish huquqiga ega.
Voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun olingan mablagʻ, pensiya, nafaqa uning otasi yoki onasi tasarrufida boʻlib, bolaning taʼminoti, tarbiyasi va taʼlim olishi uchun sarflanishi kerak. Voyaga yetmagan bolalarning mol-mulkini tasarruf etishga doir vakolatlar amalga oshirilayotganda fuqarolik qonunchiligida belgilangan qoidalar qoʻllaniladi.
Amudaryo tumani adliya boʻlimi
FHDY boʻlimi 2-toifali inspektori N.Ungarova