Янгиликлар
20
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida musiqa madaniyati fanining o‘qitilishi yangi bosqichga chiqadi
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida musiqa madaniyati ta’limini yanada rivojlantirish va o‘qituvchilarning malakasini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-noyabr kuni “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida musiqa madaniyati fanini o‘qitishni tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-391-son qaror qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-martdan boshlab musiqa madaniyati fani o‘qituvchilarining nazariy va amaliy bilimlarini oshirish uchun maxsus malaka oshirish tizimi joriy etiladi. Bu tizim orqali o‘qituvchilar o‘z kasbiy mahoratini oshirib, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni o‘rganishlari mumkin bo‘ladi.
2025-yil 1-apreldan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Iqtidor” nomli badiiy havaskorlik jamoalari tashkil etiladi. Ushbu jamoalar maktab o‘quvchilarining san’at va musiqa bo‘yicha iste’dodlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, “Iqtidor maktab ansambli” nomli respublika tanlovi o‘tkaziladi. Bu tanlovda g‘olib bo‘lgan jamoalar xalqaro ta’lim sayohatiga yuboriladi. Bu esa bolalar uchun nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham o‘z mahoratini namoyish etish imkoniyatini yaratadi.
2025-yil 1-sentabrdan boshlab:
Bolalar musiqa va san’at maktablarini muvaffaqiyatli tamomlagan hamda umumiy o‘rta ta’lim shahodatnomasiga ega bo‘lgan shaxslar “Barkamol avlod” bolalar maktablarida to‘garak rahbari sifatida ishlashi;
Madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining musiqa yo‘nalishi bitiruvchilari, agar psixologiya va pedagogika fanlarini o‘rgangan bo‘lsa, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida musiqa madaniyati fanini o‘qitishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, 2025-2026 o‘quv yiliga qadar musiqa madaniyati fani o‘qituvchilarining bilim va kasbiy mahoratini baholash uchun milliy baholash tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etiladi. Bu tizim o‘qituvchilarning bilim darajasini aniq belgilash va ularning kelgusidagi rivojlanishiga yo‘naltirish imkonini beradi.
2025-2026 o‘quv yilidan boshlab madaniyat yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalarida psixologiya va pedagogika fanlarini o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa kelajakda o‘qituvchilarning bolalar bilan ishlash qobiliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu qaror O‘zbekistonda musiqa ta’limini yangi bosqichga olib chiqadi. O‘qituvchilar uchun malaka oshirish, yoshlar uchun esa o‘z qobiliyatlarini rivojlantirish imkoniyatlari kengayadi. Shu orqali maktablarda musiqa madaniyatiga bo‘lgan e’tibor yanada ortadi va bolalar san’at sohasida yanada yuqori natijalarga erishishlari uchun mustahkam zamin yaratiladi.
Vazirlikning sho‘ba bosh maslahatchisi S.Kamalov