Янгиликлар
20
Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-martdagi 182-son qarori bilan tasdiqlangan “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni aniqlash mezonlari, ariza berish tartibi, subsidiyalarni hisoblash va to‘lash tartibi belgilangan.
Subsidiya uni to‘lashning maqsadli parametrlarida belgilangan hududda qurilgan uy-joylar uchun yo‘naltiriladi.
Bunda subsidiya fuqaro ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyidagi hudud (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar) doirasida fuqarolarning talablaridan kelib chiqib ajratiladi.
Ariza beruvchi ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun istalgan hududdagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish mumkin.
Ariza beruvchining arizasi ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan mas’ul tashkilotlar hamda ariza beruvchi ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Nizomga asosan:
a) taqdim etilgan arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda;
b) taqdim etilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda;
g) ilgari ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyadan foydalangan ariza beruvchi shu jumladan turmush o‘rtog‘i takroriy murojaat qilganda;
d) joriy yilda hudud uchun ajratiladigan subsidiya soni tugaganda;
e) ariza beruvchi va/yoki oilaning o‘rtacha oylik daromadi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravaridan kam va 8,0 baravaridan yuqori;
Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravardan kam va 9,2 baravaridan yuqori bo‘lganda.
j) arizani ko‘rib chiqishda ariza beruvchining turmush o‘rtog‘i tomonidan avval topshirilgan va ko‘rib chiqish jarayonida bo‘lgan ariza aniqlanganda ariza beruvchiga subsidiya ajratish rad etiladi.
Vazirlikning sho‘ba yetakchi maslahatchisi J.Ismoilov