Янгиликлар
20
Davlat xizmatlari sohasida qabul qilingan so‘ngi qonunchilik hujjatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 4-noyabrdagi 734-son qarori bilan “Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi.
Mazur davlat xizmati belgilangan tartibda Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tumanlar (shahar) hokimliklari tomonidan tuziladigan Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash komissiyasi tomonidan ko‘rsatiladi.
Bunda, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tuziladigan Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash komissiyasi tarkibi quyidagicha tartibda tuziladi:
- tuman (shahar) hokimining uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - komissiya raisi;
- fanlar akademiyasining Zoologiya instituti huzuridagi “Respublika termitlarga qarshi kurashish ilmiy ishlab-chiqarish markazi” davlat muassasasi vakili - komissiya a’zosi;
- sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining tuman (shahar) bo‘linmasi boshligi - komissiya a’zosi;
- tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar bo‘limi vakili - komissiya a’zosi;
- tuman (shahar) kadastr bo‘limi boshlig‘i - komissiya a’zosi;
- tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i - komissiya kotibi.
Shuni alohida ta’kidalash joizki, davlat xizmatlari markazlari va Komissiya o‘rtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzo (ERI) ni majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo elektron o‘zaro bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tadi.
Jismoniy shaxslar o‘zlari yashab turgan uy-joylarga nisbatan mulk huquqi mavjud yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, davlat xizmatidan foydalanishi mumkin.
Shuningdek, arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlarida tushganda, kalendar bo‘yicha navbatdagi ish kuni arizalarning Komissiyaga tushgan va Komissiya tomonidan qabul qilingan kun deb hisoblanadi.
Komissiya yetti ish kuni davomida so‘rovnomani ko‘rib chiqib, uy-joy joylashgan hududga chiqqan holda quyidagilarni aniqlaydi:
uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganlik darajasini;
uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joyning texnik holatini;
uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joyda yashash imkoniyati mavjudligini;
uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joyni yaroqsiz holatga kelganligini.
O‘rganish natijasida Komissiya tomonidan uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida yaroqsiz holatga kelganligini tasdiqlash yoki rad etish Reglamentning 4-ilovasiga muvofiq shakldagi QR-kod qo‘yilgan holda rasmiylashtirilgan xulosa Davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza beruvchiga yuboriladi.
Bunda o‘rganish natijasida uy-joyning yaroqsiz holatga kelganligi tasdiqlansa, xabarnoma qo‘shimcha ravishda tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga uy-joyni yashashga mo‘ljallanmagan joylar toifasiga o‘tkazish hamda uy-joy fondidan chiqarish masalasini ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
Ariza beruvchiga berilgan xulosa kelgusida uni belgilangan tartibda davlat tomonidan uy-joy bilan ta’minlash uchun asos hisoblanadi.
Vazirlikning sho‘ba boshlig‘i F.Seytimbetov